Farg‘ona viloyatida O‘zbekistonda ilk bor «Onalarga ehtirom» festivali bo‘lib o‘tdi - fotogalereya

Jamiyat 10:52 / 30.05.2021 13112

Jannat — onalar oyog‘i ostida. Jamiyatimizda onaga ehtirom, umuman, onalarning hayotda tutgan o‘rni beqiyos. Bejiz vatan ham onaga mengzalmaydi.

Farg‘ona viloyatida bir necha kundan buyon «Onalarga ehtirom» festivalining tumanlardagi bosqichlari tashkillashtirilib kelinayotgan edi. 29 may kuni Marg‘ilon shahridagi «Ijodkorlar bog‘i»da festivalning yakuniy, viloyat bosqichi tashkillashtirildi va g‘oliblar aniqlandi.

Bog‘ga to‘plangan minglab onaxonlar hamda tomoshabinlar O‘zbekistonda ilk bor tashkillashtirilgan festivalning tuman bosqichlarida g‘olib chiqqan qatnashchilarning ko‘rgazmalari bilan tanishishdi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov festivalning yakuniy bosqichi ishtirokchilarini qutlab, tadbirni tashkillashtirishdan ko‘zlangan maqsad ulug‘ zotlarga bo‘lgan yuksak ehtiromni namoyon etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ongi shuurida ota-onaga hurmat, farzandlik burchlarini ado etish, ularni qadrlash kabi fazilatlarni shakllantirish ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

So‘z olgan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma'rufova ham o‘z nutqlarida onalarni madh etishdi.

Qayd etib o‘tish joiz, festival doirasida «Eng ma'rifatli farzand onasi», «Eng yaxshi harbiylar sulolasi onasi», «Eng yaxshi shifokorlar sulolasi onasi», «Eng yaxshi rahbar ona», «Eng yaxshi olima ona» kabi 25ta nominatsiya bo‘yicha viloyat miqyosida g‘olib bo‘lgan onalarga mukofotlar topshirildi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: