Toshkentda MIB xodimi qariyb 600 mln so‘mni o‘zlashtirib yuborgani ma'lum bo‘ldi

Jamiyat 07:50 / 27.05.2021 12125

Toshkentda MIB xodimi ikki yilda qariyb 600 mln so‘mni o‘zlashtirib yuborgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabarida aytilgan.

Qayd etilishicha, 2019 yil yanvar oyida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati tashabbusi bilan Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi tizimida tekshirish o‘tkazilgan. 

Tekshirishda, MIBning Toshkent shahar boshqarmasi moliya-xo‘jalik bo‘limi Depozit hisob varaqalari bilan ishlash guruhi Bektemir tumani bo‘yicha yetakchi mutaxassisi M.U. 2017 yildan 2019 yil fevral oyiga qadar depozit hisobvarag‘iga kelib tushgan jami 586,4 mln. so‘m pul mablag‘larini talon-toroj qilib, o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 12 fevral kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan Bektemir tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilib, ish ayblov xulosasi bilan sudga yuborilgan. 

Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi M.U. 2017 yilning yanvar oyidan 2019 yil fevral oyiga qadar jami 47ta holatda sud ijro varaqalari asosida kelib tushgan pul mablag‘larini o‘ziga biriktirilgan va javobgarligida bo‘lgan elektron kalit yordamida ATB “Infin bank” Sergeli filiali va ATIB “Ipoteka bank” Yashnobod filialining “Ye-bank” tizimiga ulanib, elektron to‘lov topshiriqnomalariga sud ijro hujjatlari asosida soxta ma'lumotlar kiritish yo‘li bilan turli fuqarolarning nomiga rasmiylashtirilgan bank plastik kartalari hisobiga o‘tkazib, ijro ishlari bo‘yicha qarzdorlar tomonidan to‘langan 596 782 195 so‘m pullarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Bektemir tumani sudining 05.07.2019 yildagi hukmiga ko‘ra, M.U. JKning 167-moddasi 3-qismi “a, g” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilingan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Jinoyat oqibatida yetkazilgan 596 782 195 so‘m moddiy zarar to‘liq qoplangan.

Ko‘proq yangiliklar: