O‘zbekistonda joriy yilning 1-4 iyun kunlari onlayn shaklda “Pandemiya davrida sog‘liqni saqlash: COVID-19’ga qarshi kurashda tajriba va yutuqlar” mavzusida Birinchi xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan anjuman davomida butun dunyo bo‘ylab COVID-19’ga qarshi sog‘liqni saqlash sohasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha munozaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ilmiy kongress ishida O‘zbekiston, Yevropa, AQSh, Osiyo, Rossiya va boshqa hududlarning yetakchi mutaxassislari ishtirok etadi.
Kongress maqsadi COVID-19 bo‘yicha yangi bilimlar almashinuvi va orttirilgan tajriba bilan o‘rtoqlashish, shuningdek, keng tarqalgan muammolarni muhokama etish – emlash, diagnostika, davolash, reabilitatsiya va o‘lim holatlarini kamaytirish sohasida umumiy yondashuvlarni izlashga qaratilmoqda.
Xalqaro anjumanning ilmiy dasturi 3 ta plenar sessiya va 8 ta alohida bo‘limlardan tuzilgan bo‘lib, unda epidemiologiya, emlash profilaktikasi, laboratoriya diagnostikasi, bolalar, intensiv va dori terapiyasi, koronavirusdan keyingi reabilitatsiya, to‘g‘ri ovqatlanish va psixologik holatning eng dolzarb masalalari bo‘yicha 21 davlat vakillaridan 87 ta ma'ruzalar o‘rin olgan. Shuningdek, dastur doirasida infeksiya, virusologiya, immunologiya sohasidagi yetakchi O‘zbekiston va xorijiy mutaxassislarning izlanishlari va amaliy ishlari hamda boshqa sohalarga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, pandemiya sharoitida sayyoramiz aholisi sog‘ligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan amaliy ishlar namoyish etiladi.
Xalqaro ilmiy kongress doirasida COVID-19’ga qarshi kurashda tibbiyot xodimlariga bag‘ishlangan “Pandemiya davrida zamonamiz qahramonlari” mavzusidagi eng yaxshi foto va maqola tanlovi, shuningdek, “Dunyo pandemiyasi bolalar nigohida” mavzusida bolalar uchun rasmlar tanlovi o‘tkazish rejalashtirilgan.