Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali bo‘lim boshlig‘i va uning sherigi fuqarolarga Qozog‘iston Respublikasidagi institutlardan birida o‘qiyotgani haqida hujjat tayyorlab sotayotganda ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qozog‘istondagi institutlardan birida o‘qiyotgani haqida hujjat tayyorlab sotayotgan TATU Samarqand filiali bo‘lim boshlig‘i va uning sherigi ushlangan.
Jumladan, B.T. tanishlari orqali fuqaro Sh.ning ukasi va jiyaniga Qozog‘istondagi institutlardan birida 2020 yil sentabr oyidan o‘qiyotgani to‘g‘risida hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 4 200 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
So‘ng uning ko‘rsatmalariga ko‘ra, tadbir davom ettirilganda, TATU Samarqand filialida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi M. fuqaro B.T.dan 3 000 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, prokuraturaga yuborilgan.