Prezidentning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorda ko‘rsatilishicha, 2022 yil 1 yanvardan boshlab qizlar va ayollar orasida onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish quyidagi milliy dasturlar asosida amalga oshiriladi:
- 9–14 yoshdagi o‘smir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi vaksina bilan emlash;
- 30–55 yoshdagi ayollar orasida bachadon bo‘yni va 45–65 yoshdagi ayollar orasida ko‘krak bezi saratoni skriningi.
Tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining “Ayollar maslahatxona”lari tarkibida muntazam ravishda ayollar orasida keng ko‘lamli birlamchi tekshirishlarni amalga oshiradigan “Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalari tashkil etiladi.
Hujjatda belgilanishicha:
- ushbu xonalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab hududiy sog‘liqni saqlash umumiy budjet fondi doirasida tashkil etiladi;
- ushbu xonalardagi tekshiruvlar sifati Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan maxsus axborot boshqaruvi tizimi orqali nazorat qilinadi.
2021 yil yakuniga qadar “Onko-nazorat” xonalarida faoliyat ko‘rsatuvchi shifokorlarni tayyorlash ishlari yakunlanadi va 2022 yil 1 yanvarga qadar “Onko-nazorat” xonalarining zarur tibbiy texnikalar bilan jihozlanishi ta'minlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
- “Onko-nazorat” xonalari tashkil etilishiga shaxsan javobgar hisoblanishi;
- o‘z hududlarida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash hamda muvaffaqiyatli davolash ko‘rsatkichlarining oshishi, kasallik oqibatida yuz beradigan o‘lim holatining kamayishiga erishilganligi ular faoliyatining samaradorligini baholashda asosiy mezonlardan biri sifatida e'tirof etilishi belgilab qo‘yildi.
2021 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:
- gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, transfuziologiya va shu sohadagi laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha yosh mutaxassislarning xorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari ish joylarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti hamda Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi;
- bemorlarning onkologiya va gematologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yo‘llanmalari asosida pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlari davlat budjetidan qoplanadi;
- onkologik va gematologik bemorlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi.