Dilsora Komil (Fozilova) – olima, shoira, fan nomzodi, Kanadaning British Columbia universiteti o‘qituvchisi. 16 yildan beri Kanadada istiqomat qilayotgan Dilsora Fozilova xorijdagi faoliyati, hayot tarzi, ta’lim sifati, ijtimoiy muammolar haqida so‘zlab berdi.
“O‘zbekistondan chiqib ketishimning siyosiy sabablari bor”
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida usta duradgor oilasida tavallud topganman. Yetti farzandning oltinchisiman. Oilaliman, 3 farzandim bor. Ikki o‘g‘lim universitetni tugatish arafasida. Kenja qizim 7 yoshda, fransuz tili maktabida o‘qiydi.
Kanadaga kelgach, til o‘rgandim. Oldin kollejda, keyin universitetda o‘qidim. Alberta universitetida bakalavrni (sotsiologiya va siyosatshunoslik bo‘yicha mutaxassislik oldim) tugatgach, magistraturaga taklif qilishdi. Magistraturani ham Alberta universitetida siyosiy fanlar departamentining “Xalqaro qonun va diplomatiya” bo‘limida o‘qidim. Magistraturani tugatib, bir muddat kollejda IELTS va CELPIP imtihonlariga tayyorlash kurslarida dars berdim.
2016 yil British Columbia universitetida doktoranturada o‘qishni boshladim. 2018 yilda fan nomzodi bo‘ldim. Hozirgi kunda shu universitetda dars beraman. Ilmiy tadqiqotimning oxirgi bosqichidaman. Tadqiqotim O‘zbekistonda islomning qayta jonlanishi, dinning paradoksal boshqaruvi, sekulyar davlat va islom o‘rtasidagi munosabatlarni analiz qiladi. Tadqiqotim natijalarini O‘zbekistonda o‘zbek tilida nashr ettirish niyatim bor.
16 yildan beri Kanadada yashayman. O‘zbekistondan chiqib, Rossiyaga ketishimizning siyosiy sabablari bor: bu turmush o‘rtog‘im oilasi vakillarining 90-yillar boshidagi siyosiy o‘zgarishlar jarayonidagi faolligiga borib taqaladi.
Men shaxsan u paytlarda yosh kelinchak edim va farzandlarim dadasi Rossiyadan O‘zbekistonga qaytmagani uchun oilamni saqlab qolish maqsadida bolalarim bilan 2003 yil yozida Rossiyaga ketishga majbur bo‘lganman. Ayol, ona sifatida 2 va 4 yoshli go‘daklarim bilan musofirchilikda juda og‘ir yillarni boshimdan o‘tkazdim.
O‘sha zamon siyosati birmuncha radikal va dialektiv edi. Turmush o‘rtog‘im va akalari O‘zbekistonga qaytishimiz xavfli, deb uqtirardilar o‘shanda. Shuning uchun ham chet davlatga immigratsiya uchun hujjat topshirishga rozi bo‘lganman. Lekin buni taqdir taqozosi, deb qaragan vaqtlarim juda ko‘p bo‘lgan. Chunki biz bilan hujjat topshirgan, chet davlatga chiqib ketishni qattiq xohlaganlarning ko‘piga immigratsiya imkoniyati bo‘lmaganini eslayman.
“Davlat boyliklarining talon-toroj qilinayotgani minglab boshqa muammolarning asosiy sababidir”
Davlat boyliklarining talon-toroj qilinayotgani minglab boshqa muammolarning asosiy sababidir. Tanish-bilishchilik imkoniyatli guruhga qonunlarni aylanib o‘tish imkonini beradi va natijada qonun faqat xalq uchun yaratilgan bo‘lib chiqadi. Bu oddiy xalqning aziyat chekishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonun ustuvorligini ta’minlash uchun kadrlar masalasiga e’tibor qaratilishi kerak. Bu oson yechiladigan muammo emas. Shifokorning o‘zi og‘ir kasal bo‘lgandagi holat bu. Xo‘sh, shifokorning o‘zi og‘ir kasallikka chalingan bo‘lsa va o‘z bilimini o‘rgatmoqchi bo‘lgan shifokorlarga uning kasalligi yuqib qolaversa, nima qilish kerak? O‘sha shifokorning yordamisiz yetishib kelayotgan shifokorlarni qattiq tayyorlovdan o‘tkazish kerak, ishlash tartibi joriy qilinishi kerak, boshqa davlatlar tajribasini o‘rganish kerak.
Yangi kadrlarda yana o‘sha kasallik belgilari ko‘rindimi, ularni safdan chiqarish kerak. Demak, ko‘p narsa kadrlar masalasiga, ularni ishga tayyorlash va ish jarayonidagi qattiqqo‘llikka borib taqaladi. Davlat ichida adolat ustuvorligini o‘rnatish juda ko‘plab kichik muammolarni o‘z-o‘zidan hal qiladi.
Yuqoridagi muammoning asosiy sababi, ta’lim tizimi o‘ta achinarli ahvolda ekanligidir. Bilimli kadrlar maoshini ko‘tarish, sog‘lom raqobatni yo‘lga qo‘yish, tajriba, bilim almashuv dasturlarini tashkil qilish, universitetlar mavqeyini ko‘tarish va xalqaro talabalarni jalb qilish, iqtidorli professorlarni ishga taklif qilish ta’lim tizimini o‘nglashga yordam beradi. Ayniqsa, ilmiy tadqiqotlar sifati va ularni moliyalashtirishga e’tibor qaratilishi kerak.
O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik jadallik bilan davom etyapti. Islomning jonlanishi tarixda ko‘p kuzatilgan va uning jamiyat uchun turli tomonlari bor. Dunyoviy bilimlarga e’tibor kamayishi ham mumkin. Bu muhim tarixiy jarayonda ta’lim sohasi alohida o‘rin tutadi.
Faqat islom dini emas, dinlar tarixini o‘rgatishning o‘quvchi tushunchalarini shakllantirish va tolerantlikni oshirishda ahamiyati chuqur. Shu bilan birga, aniq fanlarga va dunyoviy bilimlarga e’tibor kuchaytirilishi balansni saqlab qolishga xizmat qiladi. Bu muammolarning yechimi murakkab, uzoq muddatni va minglab jonkuyarlarning birgalikda harakatini talab qiladi.
“Diniy ekstremizm tushunchasi”
Din va davlat o‘rtasidagi munosabat O‘zbekiston uchun dolzarb deb hisoblayman. Unda bir-biriga qarama-qarshi turadigan bir necha manfaatlar bor. Inson huquqlari va davlat xavfsizligi, sekulyar davlat va demokratik standartlar, ekstremizm xavfi va ilm olish huquqi.
Bu elementlarning har biri muhim va oddiy xalq bu murakkablikni tushunmasdan davlatdan norozi bo‘lish holatlari juda ko‘p uchraydi. Islom Karimov davridan aholining asosiy qismi musulmon bo‘lgan davlatda islomiy ozchilik yaratildi va tazyiqqa uchradi. Diniy ekstremizm tushunchasi va uning ijtimoiy-siyosiy talqini O‘zbekistonda juda achinarli ahvolda edi. Shu sababli siyosiy jihatdan aktivligi davlat barqarorligiga ta’sir qilish ehtimoli bo‘lmagan guruhlar tazyiqqa uchradi.
Davlat din muammosini izchillik bilan o‘rganishi, aholining diniy ehtiyojini qondirgan holda ba’zi holatlarga qarshi effektiv dasturlar ishlab chiqishi kerak. Sotsiologlar, siyosatshunoslar, teologlar uchun tadqiqot eshiklarini ochib bermoq lozim. Eng asosiysi, dinda ayol o‘rni, uning haq-huquqlari to‘g‘risida o‘rganish va tushuntirish ishlari olib borish lozim.
“O‘zbek ayollari oldida turgan juda katta muammolardan biri mizoginiyani normallashtirish va ayollarni huquqsizlantirish kampaniyasidir”
Bugungi ijtimoiy muhit ayolni o‘z haq-huquqi uchun kurashishga emas, passiv bo‘lishga, sabr qilishga, tazyiq o‘tkazayotganlarga indamay xizmat qilishga chorlamoqda. O‘zbek ayollari oldida turgan juda katta muammolardan biri mizoginiya (ayollarni tahqirlash, xo‘rlash) normallashtirish va ayollarni huquqsizlantirishdir.
Bu illatlarning ildizi yuqori lavozimlarda ayollarning yetishmasligi, muhim qarorlar ustida mulohaza yuritiladigan stol atrofida ayollarning yetishmasligi, jinsiy va iqtisodiy tengsizlikka, imkoniyatlar tengsizligiga, ayol parvarish qiluvchi bo‘lib qolayotganiga va uning vazifalari hurmat-e’tiborga loyiq, deb topilmayotganiga borib taqaladi.
Qonunlar O‘zbekistonda yomon ishlashi to‘g‘risida yuqorida gapirdik. Qonunlar ustuvor bo‘lmagan jamiyatda eng xo‘rlanadigan qatlam – bu haq-huquqi toptalgan, imkoniyat eshiklari yopib qo‘yilgan, uzluksiz tazyiq ostida qolayotgan qatlamdir va uning asosiy qismini ayollar egallaydi.
Ayolga qarshi qilinayotgan jinoyatlar nega jazosiz qolmoqda? Chunki bu jinoyatni qilayotganlar qonundan qo‘rqmaydiganlar, qonun sohasida ishlaydiganlarda ham nafs borligini va ularni pul bilan falajlash yo‘lini biladiganlardir. Agar bu holat davom etaversa, o‘zbek ayollari o‘ziga ishonchni yanada yo‘qotib boradi va bu juda katta yo‘qotish.
“Kanadada o‘zimni juda erkin, imkoniyatlari cheklanmagan, kuchli va kerakli sezaman”
Kanadada ayol va erkak qonun oldida teng va hatto ko‘p hollarda uning onaligi, ayolligi, farzandlari oldidagi mas’uliyati sabab qonunning “muqobil o‘lchamlar” programmasi qonun ayol tomonga yon bosishiga qonuniy imkoniyat yaratadi. Jamiyatda ayol erkinligi va haq-huquqlari ta’minlangan. Har bir obro‘li tashkilotda jinsiy zo‘ravonlikka qarshi qat’iy choralar ko‘rilgan. Professional muhitda tegajog‘lik kabi mayda jinoyatlar ham xodim o‘z lavozimini yo‘qotishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shunday qonunlardan xabardorlik, ayollarga o‘z huquqini tanishni o‘rgatsa, erkaklarga qonun bilan hazillashmaslikni o‘rgatadi. Umuman olganda, men Kanadada o‘zimni juda erkin, imkoniyatlari cheklanmagan, kuchli va kerakli sezaman.
“Muammosiz jamiyat yo‘q, Kanadada ham hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar bor, ammo..”
Kanadaliklarning aksariyati xushmuomala, odamdo‘st, kulib turadigan insonlar. Kanadaga birinchi kelgan paytlarim buni ko‘p sezardim. Bolalarimni sayrga olib chiqqanimda, ro‘paramda kelayotgan ayolmi-erkakmi, yoshmi-qarimi salomlashib o‘tardi. Orqadan shoshib kelayotgan piyodalar bizdan o‘tib ketayotganda uzr so‘raganlariga ko‘p guvoh bo‘lganman.
Ishda har bir inson o‘z vazifasiga jiddiy qarashi juda muhim, aks holda u professional muvaffaqiyatga erishishi qiyin bo‘ladi. Muammolari yo‘q jamiyatning o‘zi yo‘q. Ba’zi hollarda muammolar ko‘tarilganda, beixtiyor O‘zbekistondagi shu o‘lcham bilan taqqoslay boshlayman va sezamanki, katta muammolar yechilgandan keyingina kichkina muammolar suv yuziga chiqishni boshlaydi hamda ularga javob izlanadi. Kanada hozir shunday suv yuziga chiqib kelayotgan muammolarni yechish yo‘lida qattiq mehnat qilayotgan jamiyat.
“Ta’lim barcha uchun teng”
Ta’limning eng muhim yutug‘i shuki, bilim olish imkoniyati hamma uchun teng. Hatto talaba bilan qahva ustida nimadir to‘g‘risida gaplashmoqchi bo‘lgan professor talabasining qahvasiga pul to‘laganini va talabadan o‘ziga hech nima o‘tkazmaslikka harakat qilishini ko‘p kuzatdim. Demak, ta’lim sohasida adolat bor va faqat kuchlilar yuzaga chiqadi.
Grantlar va lavozimlar uchun raqobat juda kuchli, sifatli jurnallarda akademik maqolalar chop etilishining ahamiyati oshib bormoqda. Ammo bu ilmiy maqolalarni yozish ham juda kuchli bilim talab qiladi. O‘zbekistonning Kanadadan o‘rgansa bo‘ladigan tomonlari ko‘p va bu masalada O‘zbekiston bilan birga ishlashga har doim tayyor bo‘laman.
O‘zbekiston meni doim o‘ziga tortadi. Ayniqsa, keyingi yillarda shu ehtiyoj, shu xohish kuchayib borayotganini sezaman. Kanada meni o‘zimga, jamiyatda o‘rnim borligiga, istagan maqsadimga erishishimga imkoniyat borligiga ishontirdi. Maqsadingizga yarasha mehnat va harakat qilsangiz, bas. O‘zbekiston ham har bir vatandosh uchun ana shunday davlat bo‘lishini istayman va shu ishga mening ham hissam qo‘shilishini o‘zimga tilayman. Men o‘zimni O‘zbekistondan ketganday emas, aksincha O‘zbekistonni qalbimda ko‘tarib yurganday his qilaman.
Muhabbat Ma’mirova suhbatlashdi.