Jizzax viloyati Yangiobod tumanida joylashgan tog‘li hududda yong‘in chiqib, 15 gektar maydondagi quruq o‘t, shox-shabba va daraxtlar yonib ketgan. Bu haqda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 25 may kuni Jizzax viloyati Yangiobod tumanining Tojikiston bilan chegaradosh «Havotog‘» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi ochiq maydonda yong‘in sodir bo‘lgan. Viloyat FVBga yong‘in bo‘layotgani haqidagi xabar soat 12:05da kelib tushgan.
Yong‘inni bartaraf etishda 3ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi, 32 nafar harbiy xizmatchi hamda ko‘ngilli fuqarolar qatnashgan. Birinchi bo‘linma 30 kilometr uzoqlikda joylashgan yong‘in bo‘layotgan manzilga soat 12:40da yetib borgan.
Qayd etilishicha, ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 12:58da o‘rab olingan va 15:00da to‘liq bartaraf etilgan. Mazkur hodisada hech kim tan jarohati olmagan va halok bo‘lmagan. Yong‘in oqibatida 15 gektar ochiq maydonda quruq o‘t, shox-shabba va daraxtlar yongan. Mazkur yong‘inning kelib chiqishiga ochiq olovdan foydalanishda ehtiyotsizlik sabab bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda.