Kun.uz muxbiriga ko‘ra, tadbir davomida Aziz Abduhakimov O‘zbekiston yoshlariga nafaqat mamlakat ichida, balki global darajada muvaffaqiyatlarga erishish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bergan.
«Menga bu tadbirga kelishimdan avval yoshlarni katta muvaffaqiyatlarga undaydigan tavsiyalaringizdan bering, deb aytishdi.
O‘ylashimcha, yoshlar ikki narsaga e'tibor qaratishlari kerak, bu – tarix va til.
Biz o‘zimizni qanchalik zamonaviy, aqlli deb bilmaylik, shuni esdan chiqarmaslik kerakki, tarix doim takrorlanadi. Uning o‘z aylanish yo‘nalishi bor.
O‘zbekistonda ijtimoiy, iqtisodiy va umuman, barcha jabhada bo‘layotgan ishlarning hammasi qachondir, qayerdadir bo‘lgan. Buni sinchiklab, erinmasdan o‘rganadigan bo‘lsangiz, yo‘l qo‘yishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab kamchiliklarning oldini olish mumkin bo‘ladi.
Istagan davlat tarixini o‘rganing, juda qiziq voqealar bilan tanishasiz. Men bularni o‘rgangan kishi sifatida aytamanki, tarixni o‘qirkansiz, ko‘p narsalar sizni hayron qoldira boshlaydi.
Ishoning, insoniyat hozirgi jarayonlardan avval ham o‘tgan. Tarixni bilgan odam kam xato qiladi, og‘ir vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘lni topa oladi», – dedi mulozim.
Abduhakimovning yoshlarga bergan navbatdagi maslahati til bilishning afzalliklari haqida bo‘ldi.
«O‘zbek tilini bilgan kishi o‘zbek tilli 40-50 mln odam bilan gaplasha oladi. Rus tilini bilgan kishiga dunyo yanada kengayadi. Endi 300 mln kishi bilan muloqotga kirisha olasiz.
Xitoy tilini bilish kishiga 1 mlrddan 1,5 mlrdgacha odam bilan gaplasha olish imkoniyatini beradi. Ingliz tilini bilish esa insonga deyarli butun dunyoni ochadi.
Umuman olganda, barcha yoshlar chet tillarini o‘rganishi kerak. Shundagina ular global yutuqlarga erishishi mumkin», – dedi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri.