15 ming dollar pora bilan ushlangan «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» rahbariga oid ish sudda ko‘riladi

Jamiyat 21:15 / 26.05.2021 9598

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ rahbari Muratbay Bazarimbetovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini sudda ko‘rish 28 may kuni boshlanadi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva shahar sudi tomonidan ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ rahbari Muratbay Bazarimbetov pora olganlikda gumonlanib, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangani haqida xabar berilgandi.

Keyinchalik Bosh prokuratura qo‘shimcha ma’lumot berib, 2020 yil 24 dekabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ bosh direktori Muratbay Bazarimbetov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumotga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga M.Bazarimbetovning Tuproqqal’a tumani hududida yangidan tashkil qilinayotgan «Best Azia Metan» MChJga o‘rnatiladigan 630 kVt transformator punktini 6-10 kVt elektr liniyasiga yaqin tayanchdan 6500 kVt.ga ulanishda amaliy yordam berish evaziga 15 ming AQSh dollarini o‘z xizmat xonasida tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olgani asos bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: