22 may kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov «Toshkent 5 tashabbus» tadbirlari doirasida yoshlar bilan uchrashdi. Vazir g‘oyalarni loyihaga aylantiruvchi «Loyihalar fabrikasi» haqida gapirdi. Uning ta'kidlashicha, «Loyihalar fabrikasi» uchun mobil ilova yaratilmoqda, bu g‘oyalar bevosita vazirning o‘ziga yetib kelishiga yordam berishi mumkin.
«Hamma hududlarda «Loyihalar fabrikalari»ni tuzyapmiz. «Loyihalar fabrikasi» yoshlarning g‘oyalarini loyihaga aylantirish uchun texnik-iqtisodiy asos, biznes reja kabi masalalarda yordam beruvchi tizimdir. Hamma viloyatlarda tegishli banklar qaramog‘ida «Loyihalar fabrikalari»ni tuzyapmiz.
Bu tizim ishlashi uchun bizga nima kerak? Hozir tizimni pilot rejimida yo‘lga qo‘ydik, lekin 1 iyundan to‘laqonli ishlaydi. Maqsadimiz faqat yoshlar ittifoqi faollari, Toshkent yoki viloyat markazlaridagi yoshlar emas, Respublikaning 206ta tuman shaharlarining eng olis hududlaridagi har bitta yoshga imkoniyat berishdir. Har bir yoshning qandaydir g‘oyasi bor, lekin uni qanday amalga oshiradi, qayerdan pul oladi? Hozirgi zamonda banklarga yaqinlashib bo‘ladimi? Juda ko‘pchilik qayerga murojaat qilishni ham bilmaydi. Bankka bordi, gaplashdi, deylik. Kredit olish uchun birinchidan, uning foizi katta bo‘ladi, ikkinchidan, garov qo‘yish kerak. Yoshlarimizda garovga qo‘yadigan nimasi bor? Demak, yangi tizimga ehtiyoj paydo bo‘ldi.
Shuningdek, yangi elektron tizim qilyapmiz, har bir yoshda qayerda bo‘lishidan qat'i nazar, bizga murojaat qilishga imkoniyati bo‘lishi kerak. Buning uchun iloji boricha inson omilini chetga suramiz. Ya'ni smartfon orqali alohida mobil ilovaga kirib, eng qisqa ma'lumotlarini kiritadi: ism-familiya, qaysi hududdan va nima loyiha qilmoqchi. Tugmani bosishi bilan uning g‘oyasi butun tizim bo‘yicha mendan boshlab tegishli hududlardagi «Loyihalar fabrikasi»ga boradi. Har bir g‘oya birinchi o‘rinda, mening mobil telefonim va kompyuterimga keladi. Loyihani amalga oshirib, o‘z-o‘zini qoplab ketadigan tizimni ko‘zda tutganmiz», – dedi vazir uchrashuvda.
Avvalroq, O‘zbekistonda «Loyihalar fabrikasi» markazi tashkil etilishi ma'lum qilingandi.
Ma'lumot uchun, «Loyihalar fabrikasi» nodavlat notijorat tashkiloti shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi. U o‘z faoliyatini mintaqaviy filiallarda, ya'ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kesimida olib boradi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi «Loyihalar fabrikasi» bilan investitsiya loyihalarini ishlab chiqishda va yoshlar biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi hududiy boshqarmalari bilan hamkorlik qiladi.