O‘zbekistonda «Loyihalar fabrikasi» markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston 10:54 / 27.03.2021 1785

Vazirlar Mahkamasining “Hududlarni iqtisodiy rivojlantirishda investitsion loyihalarni amalga oshiruvchi guruh – “Loyihalar fabrikasi” markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” AJ, “Asaka” ATB, “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning hududlarni iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish maqsadida – “Loyihalar fabrikasi” markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

“Loyihalar fabrikasi”ning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • mintaqalararo ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishni hisobga olgan holda, ma'lum bir mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy, infratuzilma va inson salohiyatidan kelib chiqadigan loyiha takliflarini ishlab chiqish;
  • biznes o‘ziga xos xususiyatlarini, tashabbuskor moliyaviy to‘lov qobiliyatini hisobga olgan holda loyiha tashabbuskorlari bilan hamkorlikdagi loyiha takliflarini ishlab chiqish;
  • dastlabki va yakuniy qarorlar, ruxsatnomalar va litsenziyalarni olishda investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga hamrohlik qilish va ko‘maklashish;
  • Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida joylashtirish uchun yoshlar tadbirkorlik sub'yektlari loyiha-takliflari asosida loyiha biznes-rejasini ishlab chiqishda amaliy yordam ko‘rsatish;
  • potensial loyihalarni har tomonlama tahlil qilish va qaytarishlik, to‘lovlilik, tezkorlik tamoyillari asosida, shuningdek tegishli bozorlardagi marketing batafsil tahlil qilinganidan so‘ng yozma hisobotni taklif qilingan biznes-g‘oyalarni qarshi yoki qo‘llab-quvvatlovchi argumentlar bilan taqdim etish;
  • biznes g‘oyasi ma'qullangan taqdirda zarur hujjatlar to‘plamini shakllantirishda doimiy yordam va maslahat berish;
  • banklar, individual va institutsional mahalliy hamda xorijiy investorlarni o‘z ichiga olgan potensial moliyalashtirish manbalarini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • “Loyihalar fabrikasi” barcha filiallari o‘rtasida potensial loyihalar va investorlar yagona ma'lumotlar bazasini yaratish;
  • tashkilot xarajatlari to‘g‘risida oylik hisobotlarni shakllantirish va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etish.

Belgilanishicha:

“Loyihalar fabrikasi” nodavlat notijorat tashkiloti shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi;

“Loyihalar fabrikasi” o‘z faoliyatini mintaqaviy filiallarida ya'ni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kesimida olib boradi;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi “Loyihalar fabrikasi” bilan investitsiya loyihalarini ishlab chiqishda yaqin hamkorlik qiladi;

“Loyihalar fabrikasi” yoshlar biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi hududiy boshqarmalari bilan hamkorlik qiladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: