Samarqand viloyati Samarqand tumanida tanishining 121 million so‘mlik 19 tonna temir armaturasini olib, pulini bermay kelayotgan firibgarlarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 43 yoshli fuqaro Z.Maxmur Samarqand viloyati hokimiga ariza bilan murojaat qilib, o‘zining tanishlari bo‘lgan firibgarlardan 121 million so‘m pulini undira olmay yurganini ma'lum qilgan.
Murojaatda yozilishicha, 2020 yilning mart oylarida Z.Maxmur Samarqand tumani O‘rtashiq mahallasida joylashgan o‘ziga tegishli MChJ omboridan tanishlari 23 yoshli I.Sherzod va X.Murodillolar 10 kun davomida pullarini berish sharti bilan 1 tonnasi 6.400.000 so‘mdan bo‘lgan jami 121.600.000 so‘mga teng 19 tonna temir armaturalarini olib ketib, hanuzgacha turli bahonalarni vaj qilib, pullarini bermasdan kelayotganliklarini ma'lum qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ta'kidlanishicha, jinoyat ishi doirasida jinoyatning kelib chiqish sabablari, taraflarning vajlari o‘rganilib, huquqiy baho berilishi ma'lum qilingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.