Ushbu maqola orqali o‘zim tahsil olayotgan oliygoh haqida ma'lumot bermoqchiman. Berlin erkin universiteti (Freie Universität Berlin) 1948 yili tashkil topgan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bugungi kunda Gumboldt universiteti nomi bilan mashhur oliy ta'lim muassasasi Berlin shahrining sovet ittifoqi okkupatsion sektorida qoladi va natijada ushbu universitetga kommunistik g‘oyalar faol ravishda singdirila boshlanadi. Bundan norozi bo‘lgan talabalar namoyishlarga chiqishadi va turli siyosiy va mafkuraviy g‘oyalardan xoli bo‘lgan holda o‘qish, ta'lim olish, tadqiqotlar olib borishni talab qilishadi.
Natijada, erkin fikrlovchi talaba va professorlar tashabbuskorligi tufayli AQSh okkupatsion sektorida 1948 yil Berlin erkin universiteti tashkil topadi. Ushbu universitet o‘z nomi bilan erkin, ya'ni hech qanday siyosiy yoki ideologik bosimlarsiz faoliyat olib boradigan OTM sifatida tashkil qilingan.
Universitetda fanlar bo‘yicha bo‘lingan 15 ta kutubxona faoliyat olib boradi. 8 million bosma kitob va nashrlar, 70 000 elektron jurnal hamda 500 000 elektron kitob bilan Berlin erkin universitetining kutubxona tizimi Germaniyaning barcha oliy o‘quv yurtlari orasida yetakchi o‘rinda turadi.
1950 yillar boshida Berlin universitetlari talabalari tomonidan erkin fikrlash va o‘z haq-xuquqlarini talab qilish bo‘yicha norozilik harakatlari avj oladi. Shunda sharqiy Berlin (o‘sha payt GDR) huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushbu talabalar qo‘lga olinib, ularning o‘n nafariga sud hukmi bilan o‘lim jazosi tayinlangan. Sud hukmi Moskvada ijro etilgan.
Erkinlik va demokratiya yo‘lida qurbon bo‘lgan o‘n nafar talabani xotirlash maqsadida ushbu bronza skulpturasi universitet kampusiga qo‘yilgan. Unda yunon faylasufi Periklning shunday misralari keltirilgan: «Baxt siri – erkinlik. Erkinlik siri esa jasorat».
Men hozirgi kunda BEUning tashkiliy qismi bo‘lgan Otto Zuur nomidagi siyosatshunoslik institutida tahsil olaman. Universitet tashkil etilganiga nisbatan ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa ham, Otto Zuur instituti uzoq va afsuski dahshatli tarixga ega.
Veymar Respublikasida (1918 – 1933) Birinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchrash oqibatda nemis xalqining «degeneratsiyasi» oldini olishga intilgan keng irqiy gigiyena harakati shakllandi va natijada 1927 yili «Kayzer Vilgelm nomidagi antropologiya, inson irsiyati va yevgenika instituti» tashkil topgan.
Nomidan ma'lumki, ushbu ta'lim maskanida nemis xalqini boshqa xalqlardan ajratib turadigan jihatlarni o‘rganish, ushbu xalq yo‘q bo‘lib ketmasligi choralari bo‘yicha izlanishlar olib borish va «nordik irq (rassa)»ning boshqa xalqlarga qaraganda ustunligini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanilgan.
Albatta, Gitlerning davlat hokimiyatiga kelishi bilan ushbu o‘quv yurti natsizm va fashizm ideologiyasi shakllantirilishida yetakchi o‘rin tutgan. Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushi davomida konsentratsion lagerlarda mahbuslar ustidan tibbiy eksperimentlar o‘tkazish qisman ushbu institut «olimlari» va «izlanuvchilari» tomonidan amalga oshirilgan, shu jumladan, Yozef Mengele tomonidan ham.
Urushdan so‘ng Inenshtrasse 22 ko‘chasida joylashgan ushbu bino o‘sha vaqt Berlin burgomistri bo‘lgan Otto Zuur tashabbusi bilan siyosatshunoslikni o‘rganish markazlaridan biriga aylandi.
Bugungi kunda ushbu oliy ta'lim muassasasi ijtimoiy fanlar bo‘yicha Yevropada yetakchi o‘rinlarda turadi. Siyosatshunoslik fani bo‘yicha
«QS Rankings» reytingida Germaniyada birinchi o‘rinda tursa, jahonda kuchli yigirmatalikka kiradi.
Bundan tashqari, BEU Germaniya hukumatining «Exzellenzinitiative» tashabbusiga kiradi. Bu o‘ziga xos AQShning «Ivy League»iga analog desa ham bo‘ladi.
Mahkam Hamidov,
UzbekLife’ning Germaniyadagi kolumnisti