Surunkali kasalliklarni birlamchi bo‘g‘inda davolashning yangi tizimi joriy etiladi

Jamiyat 19:18 / 18.05.2021 10609

Bugungi kunda 250dan ziyod kasalliklarning 87tasini (yuqori qon bosimi, oshqozon-ichak, nafas yo‘llari surunkali kasalliklari, kamqonlik kabi) birlamchi bo‘g‘inda davolash, buning uchun 20 turdagi laboratoriya va diagnostika tekshiruvlarini o‘tkazish uchun hamma imkoniyatlar mavjud. Prezidentning ma'lum qilishicha, 1 iyuldan surunkali kasalliklarni birlamchi bo‘g‘inda davolash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

«Birlamchi bo‘g‘inni malakali kadrlar bilan hamda shoshilinch yordam uchun zarur 50 turdagi dori va 16 turdagi tibbiyot vositalari bilan ta'minlash kerak bo‘ladi.

Shu bois, joriy yil 1 iyuldan surunkali kasalliklarni birlamchi bo‘g‘inda davolash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, yangi tizimning birinchi bosqichida Sirdaryo viloyatida oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar orqali erta o‘limning asosiy sababi bo‘lgan yurak va qon-tomir kasalliklarini davolash uchun aholi dori vositalari bilan bepul ta'minlanadi.

Yil yakuniga qadar Sirdaryoda ushbu kasalliklarni 10 foizga kamaytirishga erishganda ham, birgina shoshilinch yordam uchun sarflanayotgan 500 million so‘m budjet mablag‘lari tejaladi.

«Ushbu tejalgan mablag‘larni kelgusida surunkali nafas va oshqozon-ichak kasalliklarini birlamchi bo‘g‘inda davolashga yo‘naltirish imkoni paydo bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: