Qo‘qondagi xonadonlardan birida sher bolasi parvarish qilinmoqda - video

Jamiyat 16:02 / 18.05.2021 28043

Internetda tarqalgan videolavhadagi holat shu kunning o‘zida Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Bioxilmaxillik bo‘limi xodimlari tomonidan nazoratga olingani ma'lum qilindi.

Lavha Qo‘qon shahridagi Achchiqko‘l mahallasining Gulshan ko‘chasida tasvirga olingani aniqlandi. Qo‘qon shahar ekologiya inspeksiyasi davlat inspektorlari Qo‘qon shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimi va Achchiqko‘l mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan mahalladagi uyga borib, xonadon egalari ishtirokida o‘rganish ishlari olib borilgan.

«O‘rganish davomida fuqaroning yashash xonadonida 10 metr kvadrat maydonda sher hayvonini boqish uchun belgilangan tartibda yashash qafaslari mavjudligi aniqlandi. Sher bolasi uchun yasalgan maxsus qafasning balandligi 2,5–3,5 metr bo‘lib, uning ichi talab darajasida jihozlangan.

Sherning yashash joyi kanalizatsiya tarmog‘iga ulangan, shuningdek, atrof-muhitga ta'siri yo‘qligi, insonlar hayotiga xavf solish holati mavjud emasligiga guvoh bo‘ldik», — deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Qo‘qon shahar davlat ekologiya bo‘limi inspektori Halimjon To‘rayev.

Mas'ullar uy egalaridan hayvonlarni saqlash tartibi to‘g‘risida tegishli hujjatlarni taqdim etishini so‘ragan. Uy egasi esa videolavhada sherni ushlab turgan farzandi ekani va hozirda u Toshkent shahridaligi, 3 kun muddat ichida so‘ralgan hujjatlarni tegishli tashkilotlarga taqdim etishini bildirgan.

Kun.uz muxbiri mazkur xonadon vakili, sherni parvarish qilayotgan Asadbek Toymasov bilan suhbatlashdi.

«Sherning laqabi — Simba. Uni bir oyligida bozordan sotib olib kelganmiz. Uni o‘zim katta qilganman. Simba yovvoyi emas, odamga tashlanmaydi. Doimiy ravishda o‘zim qarayman. Tovuq go‘shti bilan ovqatlantiraman. Ba'zida molning ichak-chavog‘i va go‘sht ham berib turamiz. Lekin ko‘pincha tovuq go‘shti bilan oziqlanadi. Kuniga ikki mahal ovqatlantiraman: ertalab va kechqurun», — deydi u. 

Simba hozirda to‘qqiz oylik bo‘lgan. U to‘liq voyaga yetib katta bo‘lganida hayvonot bog‘iga topshiriladi.

Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri 

Ko‘proq yangiliklar: