Bog‘dod tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Davlatjon Polvonov Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, Bumayramxon aya Payg‘ambarqulova Bog‘dod tumanining «Saxovat» mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Joriy yilda onaxon 63 yoshni qarshi olgan. 4 o‘g‘ilni parvarishlab, voyaga yetkazgan Bumayramxon aya uchun farzandlarining sovg‘asi chindan-da kutilmagan bo‘lgan.
«To‘g‘risi o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Men uchun bu kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. 4 nafar o‘g‘lim bor. Barchalari bir-birlari va kelinlarim bilan o‘zaro maslahatlashib, yangi xonadon olib berishga qaror qilishibdi. O‘zim uchun ham kutilmagan bo‘ldi. Dastlab ular meni yangi xonadonga mehmondorchilik bor, deya yetaklab borishdi. Ostonadan kirishim bilan nabiralarim, kelinlarim — hammalari «tabriklaymiz», deb qolishdi. Hayron bo‘ldim. Keyin bilsam, bolalarim ushbu uyni menga sovg‘a qilish uchun xarid qilgan ekan», — deydi farzandlaridan faxrlangan Bumayramxon Payg‘ambarqulova.
Ta'kidlanishicha, xonadon Bog‘dod tumani «Guliston» yo‘ldosh shaharchasida barpo etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli uylarning biridan xarid qilingan. Onaxonga sovg‘a qilingan xonadon 2-qavatda joylashgan.
«Shu paytgacha bir og‘iz ham indab qo‘yishmabdi-ya! Lekin baraka topishsin, dadasi bilan anchadan beri shu narsani o‘ylab yurgandik: bolalardan tinchidik, endi tinch, bahavo joylardan yozda salqin, qishda issiq bitta kvartira olsak-da, ikkimiz yashasak, deb niyat qilib yurgandik. Ana shu orzumiz bugun ijobat bo‘pti, yetkazganiga shukr. Farzandlarimga ming rahmat», — dedi onaxon muxbir bilan suhbatda.
Bog‘dod tumani hokimligi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, Bog‘dod tumani hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Dilfuzaxon Karimova baxtiyor onaxonni birinchilardan bo‘lib qutlagani borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida «Onalarga ehtirom» festivali bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgan edi.