“O‘zkomnazorat” internet va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan zaruriyati bo‘lmaganda, o‘zi bilmagan va ishonmagan har xil so‘rovnoma, savol-javob, aksiyalar, elektron havolalar, elektron va onlayn o‘yinlar, boshqa feyk e'lonlarga kirmaslikni hamda o‘zining shaxsiy ma'lumotlarini oshkor etib aldanib qolmaslikni so‘radi.
Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda har xil so‘rovnoma, savol-javob, aksiyalar, elektron havolalar, boshqa elektron va onlayn o‘yinlar, feyklar orqali firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning shaxsiga doir ma'lumotlarni (elektron pochta va ijtimoiy tarmoq sahifalaridagi shaxsiy ma'lumotlari, ismi, familiyasi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, manzili va shular qatorida to‘lov kartalari, uning paroli va pin kodlari, hisobraqamlari, boshqa to‘lov manbalari) o‘g‘irlash holatlari ko‘payib bormoqda.
“Tabriklaymiz, siz yutuqli so‘rovnoma ishtirokchisiga aylandingiz, bir daqiqa vaqt ichida sovrin egasiga aylanasiz”, degan feyk yoki shunga o‘xshash o‘ziga jalb etadigan va qiziqtiradigan feyklar orqali messenjerlar hamda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari firibgarlar aldoviga tushib qolmoqda.
Internetda turli xil havolalar (o‘ziga jalb etadigan va qiziqtiradigan feyklar, ilovalar, o‘yinlar, boshqalar)ga kirib qolgan foydalanuvchi so‘rovnomada ishtirok etib, firibgarlarga o‘z shaxsiy ma'lumotlarini o‘zi bilmagan holda taqdim qilib qo‘yishi natijasida to‘lov kartalari va hisobraqamlaridagi pul mablag‘lari, mol-mulki va boshqa boyliklaridan ajralib qolish holatlariga tushmoqda.
“O‘zkomnazorat” internet va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan zaruriyati bo‘lmaganda, o‘zi bilmagan va ishonmagan har xil so‘rovnoma, savol-javob, aksiyalar, elektron havolalar, elektron va onlayn o‘yinlar, boshqa feyk e'lonlarga kirmaslikni hamda o‘zining shaxsiy ma'lumotlarini oshkor etib aldanib qolmaslikni so‘raydi”, deyiladi xabarda.