5 yildan beri Kanadada istiqomat qilayotgan hamyurtimiz Kanadada yashash tarzi, xotin-qizlarning ilm olishi zarurati, O‘zbekiston va Kanada ta'limi haqidagi fikrlarini UzbekLife bilan o‘rtoqlashdi.
«Kanadaga kelishdan maqsad – yangi tajriba orttirish»
— O‘zDJTUda bakalavr va magistrda ingliz tili tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishini tamomlaganman. 1999 yildan boshlab O‘zDJTUda o‘qituvchi sifatida ish faoliyatimni boshladim. 2004 yil Angliyaning Lids universitetida (University of Leeds) magistratura bosqichida tahsil olish uchun grantni qo‘lga kiritdim.
Ushbu grant Britaniya kengashi (British Council) tomonidan ta'sis etilgan. Shu asosda 2004-2005 yillarda ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitish (MA in TESOL) yo‘nalishida tahsil oldim va imtiyozli diplom bilan o‘qishni tamomladim.
O‘qishni tugatgach, O‘zbekistonga qaytib keldim, bir necha yillar davomida O‘zDJTUda o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Shuning barobarida Britaniya kengashi loyihalarida ishtirok etdim: trener, darslik, dasturlar tuzuvchisi, loyiha koordinatori, koordinator sifatida milliy, xalqaro va mintaqaviy loyihalarda faoliyat olib bordim.
2011 yilda turmush o‘rtog‘imning kasbi taqozosi bilan Misr Arab Respublikasiga ko‘chib o‘tdik, u yerda bir necha yil yashadik. O‘qituvchilik faoliyatimni yuritmasam ham, Misrdagi Britaniya kengashi tadbirlarida ishtirok etdim. Undan keyin esa Kanadaga ko‘chib keldik. Oxirgi 5 yildan beri shu yerda yashaymiz.
Bu yerga kelishimizning sababi – tajriba orttirish. Shu yerda yashab ko‘raylik, o‘zimiz uchun, farzandlarimiz uchun tajriba, maktab bo‘ladi, deb o‘yladik.
Kanadaning tanlov asosida viza berish dasturlari bor. Yuqori malakali mutaxassislarga Kanadada yashash va ishlash uchun shunday viza taqdim etiladi. Biz shunday viza asosida kelganmiz. Bu yerda ham ingliz tilidan saboq beraman.
4 yildan ortiq vaqtdan buyon onlayn dars o‘taman. Ish joyimda onlayn ta'lim bo‘yicha bosh koordinatorman. Tashkilotimizda 35 nafar o‘qituvchiga onlayn ta'lim bo‘yicha o‘z tavsiyalarimni berib boraman, onlayn tizimga o‘tishda ko‘maklashaman.
«Ko‘pchilik men oliy ma'lumotli emasman va nimanidir o‘rganolmayman, deb o‘ziga devor qo‘yib oladi»
— Ilm olish xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin, ikkisiga baravar farz qilib berilgan. Bu ham diniy e'tiqod jihatidan, ham davlat qonunchiligida belgilangan talablarda belgilab o‘tilgan. O‘zi ilm olish nima degani? Ko‘pchilikda noto‘g‘ri fikr tug‘iladi: odatda, ta'lim olish deganda OTMga borib an'anaviy ta'lim olish tushuniladi. Albatta, diplomli mutaxassis bo‘lish ham shaxsning, ham jamiyatning yutug‘i. Ammo ilm olish bu bilan chegaralanib qolmaydi. Uyda o‘tirib turib ham internet orqali kerakli bilimlarni olish mumkin.
Ayol kishiga ilm olish kerakmas, uy ishini qilsa yetadi, deyishadi. Imkoniyatlar kengaygan davrda yashayapmiz. Uyda o‘tirib ham bilim olib, shaxsiy rivojlanish mumkin. Uy bekalari uchun oila psixologiyasi, to‘g‘ri ovqatlanish, bola psixologiyasi, tibbiyotdan bazaviy tushunchalarni olishi juda muhim. Bularning bari – ilm.
Kim bo‘lishidan qat'i nazar, inson doimiy o‘z ustida ishlashi, intilib yashashi kerak. Hech narsaga qiziqmaydigan, hech narsani o‘rganmayotgan odamlarni ko‘rsam, asabiylashaman.
Ko‘pchilik men oliy ma'lumotli emasman va nimanidir o‘rganolmayman, deb o‘zlariga devor qo‘yvolishadi. Aslida, oliy ma'lumotga ega bo‘lmasdan turib ham turli jabhalarda muvaffaqiyatlarga erishish mumkin va shunday insonlar oramizda bor.
Ayol nima uchun ilm olishi kerak? Avvalo, o‘zini hurmat qilishi, haq-huquqini tanishi, birovlarga o‘zini kamsitib qo‘ymasligi, birovlar zulmiga qarshi tura olishi uchun kerak.
«Inson ko‘cha supuruvchi bo‘lsa ham, o‘z ishining ustasi bo‘lsa, noni butun bo‘ladi»
— Butun dunyoda barcha narsa shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Bir necha yil oldin kerak bo‘lgan kasblar hozirga kelib keraksizga aylanmoqda. 5-10 yildan keyin esa biz tasavvur qilolmagan kasblar paydo bo‘ladi.
Masalan, bugungi kun o‘qituvchilari yangi pedagogik texnologiyalardan xabardor bo‘lishlari, doimiy malakalarini oshirib borishlari yoki uy bekalari bola tarbiyasida o‘zgarayotgan eng so‘nggi bilimlardan boxabar bo‘lishi kerak. Onamiz yoki buvimizning tajribasi bugungi kunga kelib eskirgan bo‘lishi mumkin. Chunki fan, texnika, ilm to‘xtamayapti, doimiy o‘zgarib boryapti. Shularning mevasidan, albatta, bahramand bo‘lishimiz kerak.
Inson ham moddiy, ham ma'naviy jihatdan o‘zini qoniqtira oladigan darajada bo‘lishi, sog‘lom, baxtli yashashi kerak. Mayli, u boy bo‘lmasin, lekin o‘ziga to‘q yashashi juda muhim. Agar inson o‘z ishining ustasi bo‘lsa, oddiy ko‘cha supuruvchisi bo‘lsa ham, noni hamisha butun bo‘ladi.
Ko‘cha supuruvchi haqidagi gapim juda balandparvoz gapday tuyulishi mumkin. Yaponiyalik Mari Kondo ismli ayol bor. Uning uyni tozalash bo‘yicha yozgan kitobi AQShda juda mashhur bo‘lib ketdi. AQShning Netflix telekanali orqali bu haqida ko‘rsatuvlar tayyorlandi. U odamlarning uyiga borib, uyni qanday yig‘ishtirishi (o‘zi yig‘ishtirmaydi!) bo‘yicha maslahatlar beradi. Shuning ortidan boy bo‘lib ketgan.
Bundan xulosa qilish mumkinki, agar inson o‘zi ishining ustasi bo‘lsa, farovon hayot kechiradi.
Albatta, buning uchun o‘z ustida ishlash, tinmay yangi narsalarni o‘rganish zarur. Butun umr davomida yangi bilimlarni o‘rganish sog‘liq uchun ham foydali. Psixoterapiya, nevrologiya shifokor-mutaxassislari maslahatiga ko‘ra, sog‘lom bo‘lishimiz uchun miyamiz sog‘ bo‘lishi kerak. Miya sog‘ bo‘lishi uchun uni mushak sifatida doimiy mashq qildirib turish zarur. Har kuni bir xil ishni avtomatik bajarsak, miyamizni «allalab» qo‘yamiz. Vaholanki, har kuni yangi bilimlarni olish ham jismoniy, ham ruhiy sog‘lomlikni baxsh etadi.
Necha yoshda bo‘lishdan qat'i nazar, bilim olish kerak. Masalan, til o‘rganish miyani charxlash uchun eng samarali vositalardan biri.
«Ayol ilm olishi, ishlashi uchun yaqinlar ko‘magi juda zarur»
— Turmushga chiqqanimdan bir necha oy o‘tib, Britaniya kengashi qoshidagi kutubxonaga borganimda, ingliz tili o‘qituvchilari uchun magistraturada ta'lim olish imkoniyati borligi haqida e'longa ko‘zim tushgandi. Hujjatlarimni topshirdim. O‘zbekistondan bitta grant ajratilgan bo‘lib, uni men qo‘lga kiritdim. Kelin bo‘lib tushgan oilam ham ziyoli bo‘lib, o‘qituvchilar sulolasi hisoblanishadi.
U yerda ilmning qadri baland bo‘lib kelgan. O‘qish, ish asosiy o‘rinda bo‘lgan. Albatta, uy ishlarini ham o‘z vaqtida bajarganmiz. Kelin bo‘lib tushganimda, aspiranturada o‘qirdim. Grant yutganimda, qaynotam men bilan birga kimdir borishi sharti bilan ruxsat bergan. Shunday qilib turmush o‘rtog‘im bilan Angliyaga ketganmiz.
Lekin bir necha oydan keyin turmush o‘rtog‘im ham grant yutib, AQShga ketishlari kerak edi. Vashingtondagi Xalqaro moliya fondida amaliyot o‘tashga ketdi. Angliyada bir o‘zim qolmasligim uchun onam oldimga kelgan. Bu men uchun judayam katta kuch bergan.
O‘zbekistonga qaytganimdan keyin ham viloyatlarga xizmat safari chiqardi. Bunda ham qaynotam oldingizda kimdir bo‘lsa, boring, deb ruxsat berardi. Gohida onam, gohida turmush o‘rtog‘im ishini to‘g‘irlab, men bilan borishardi.
O‘zi umuman, ayolga yaqinlari tomonidan ilm olishi, ishlashi uchun sharoit yaratib berilishi kerak, deb o‘ylayman. Ya'ni chegaralash emas, balki imkon berish zarur. Uy ishlarida ham turmush o‘rtoq va yaqinlarning hamjihatligi muhim. Uy yumushlarida ayolga ko‘mak bo‘lsa, u o‘qishi, ishiga vaqti bo‘ladi.
«Kanadada inson qadri yuksak darajada»
— Bir necha davlatlarda yashab, sayohat qilgan inson sifatida aytishim mumkinki, Kanadada bo‘lganichalik bir-biriga do‘stona munosabatdagi odamlarni hech qayerda uchratmaysiz. Buni ko‘pchilik tan oladi. Kanadaning eng katta yutug‘i – odamlar bir-biriga mehribonligi bo‘lsa kerak.
Toronto shahrida yashaymiz. Dunyodagi eng ko‘p millat vakillari yashaydigan shaharlardan biri. Millatlararo bag‘rikenglik davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanadi. Hech qaysi inson kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Inson qadri ancha baland bu yerda. Odamlar shuning uchun ham bemalol yashashadi.
Har bir millat vakili o‘zligini saqlab qolishga harakat qiladi. Maktablarda Kanadaga yangi kelgan muhojir oila farzandlariga uyda o‘z ona tilida suhbatlashish tavsiya qilinadi. Ingliz tilini tezda o‘rganib ketish mumkin, deyiladi. Demak, har bir insonning o‘zligini saqlab qolishiga davlat darajasida e'tibor beriladi. Hamma bir xil bo‘lishi, bir xil diniy e'tiqodga amal qilishi shartmas. Kanada jamiyati dinlar, millatlar, fikrlar xilma-xilligiga asosan qurilgan.
O‘zbekistonda odamlarni qolipga solishga harakat qilish kuchli. Hamma bunday kiyinishi, gapirishi kerak, degan qat'iy talablar jamiyatning bo‘linishiga olib keladi. Bu taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi, deb o‘ylayman. Global dunyoda fikrlar xilma-xilligiga qarshi chiqish oqimga qarshi suzishday gap. Jamiyat xilma-xillikni qadriyat sifatida hurmat qilishi kerak.
«O‘zbekistonda xorijiy tillar bo‘yicha milliy test tizimi joriy etilganiga qarshiman»
— O‘zbekistonda so‘nggi 10 yil ichida ingliz tilini bilish darajasi ancha o‘sgan. Xorijiy universitetlarning ochilishi, xalqaro til sertifikatlari mahalliy o‘quv dasturlari tarkibiga kiritilishi o‘sishga sabab bo‘ldi. Ingliz tilida so‘zlashuvchilar salmog‘i oshyapti, tendensiya shunaqa ruhda davom etishi kerak, deb o‘ylayman. Chunki ingliz tili hamma soha bo‘yicha dunyoga keng eshiklarni ochadi.
O‘zbekistonda joriy etilgan CEFR va yana boshqa attestatsiya bo‘yicha milliy test tizimiga qarshiman. Xalqaro standartlar, sertifikatlar turganda bularning keragi yo‘q. Velosipedni qaytadan kashf qilishga o‘xshaydi bu holat.
Test tuzish budjetdan katta mablag‘, malakali mutaxassislar, vaqtni talab etadi. Testlarni doimiy yangilash, ustida ishlash kerak. Bu ham alohida malakani talab etadi. Afsuski, O‘zbekistonda xalqaro talablarga rioya qilgan holda xalqaro til bilish darajasini aniqlovchi testlar yetarlicha tuzilmaydi. Mutaxassis va mablag‘ yetishmagan sharoitda esa tayyor xalqaro test tizimiga murojaat qilgan har tomonlama foydali.
«Kanadada o‘quv darsliklari yo‘q»
— Ingliz tili darsliklari haqida gapiradigan bo‘lsam, bunday darsliklarni ingliz tili egalari hamkorligida ishlab chiqqan ma'qul, deb o‘ylayman. Xorij davlatlarida, xususan Kanadada ham darsliklardan voz kechib borilyapti. Chunki sifatli darslikni ishlab chiqish uchun yillar kerak va bu orada metodikalar o‘zgarib, tezda eskirib qolyapti. Darslik o‘rniga mavjud eng so‘nggi o‘quv qo‘llanmalardan foydalanish tendensiyasi ketyapti.
O‘qituvchi o‘z fani bo‘yicha o‘zgarishlarni doimiy kuzatib borishi, o‘quv qo‘llanmalardagi ma'lumotlarni o‘quvchilariga moslashtirish ustida ishlashi zarur. Shunday o‘qituvchilarni tayyorlashga e'tibor qaratishimiz kerak.
Kanada maktablarida o‘quv darsliklari mavjud emas. O‘qituvchi o‘quv dasturlari asosida o‘quvchilarning ehtiyojidan va real voqelikdan kelib chiqqan holda materiallarni tanlab, o‘qitish yo‘nalishini mustaqil belgilaydi. Bunda o‘qituvchi o‘z ustida yaxshiroq ishlaydi, darsliklarga bog‘lanib, chegaralanib qolmaydi.
Oliygohlarda ham majburiy darsliklar yo‘q. Maktablarda 9-sinfdan boshlab va oliygohda o‘quvchilar istagan fanlarini tanlab o‘qishadi. Bu tizim yoshlarda mustaqillikni shakllantiradi, mustaqil, tanqidiy fikrlashni boshlaydi.
O‘quvchida nima uchun bu darslikni o‘qishim kerak, menga kelajakda kerak bo‘ladimi, degan tanqidiy qarashni o‘stirish zarur.
«Kanada ta'lim tizimida volontyorlikning o‘rni katta»
— Kanada ta'lim tizimida volontyorlik ham muhim o‘ringa ega. Ishga, o‘qishga kirayotganda ma'lum soat volontyorlik qilgan bo‘lishingiz kerak. Hayot davomida kimdandir yordam olgan bo‘lsangiz, uni volontyorlik orqali qaytarish kerak, deb hisoblanadi, ya'ni bu "give back" (qaytarib berish) tushunchasi bilan izohlanadi.
O‘zbekistondagi ingliz tili o‘qituvchilari yoki ijtimoiy tarmoqdagi tanishlarim turli savollar bilan chiqishni boshlashgan edi. Sohadagi yangi bilimlar haqida batafsil gapirishning har doim ham imkoni bo‘lavermagan. So‘ng Facebook'da ELT Uz – English Teachers from Uzbekistan guruhini ochganman. 6 mingdan ortiq obunachilar bor. Sohaga oid muhim masalalar bo‘yicha suhbat olib boramiz.
Pandemiya tufayli onlayn ta'lim bo‘yicha savollar oshib ketdi. Shu sababli Mentor Hub loyihasini ishga tushirish g‘oyasi keldi. 1 yildan beri loyiha doirasida vebinarlar tashkil qilishni yo‘lga qo‘ydik.
«Xorijda yashashni orzu qilmaganman»
— Shu yil oxirigacha O‘zbekistonga qaytish niyatim bor. O‘zi umuman, xorijda yashashni orzu qilmaganman. Xorijda yashayotgan vatandoshlarni yurt sog‘inchi qiynaydi, yaqinlaridan ancha vaqt uzoqda bo‘lish juda og‘ir. Bu tuyg‘u o‘rnini hech narsa bosolmaydi. Rejalashtirilgan ishlarimizni amalga oshirgach, oilaviy qaytish niyatimiz bor.
Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi.