Kitob bilan do‘stlashgan kishi yomonliklardan yiroq bo‘ladi. Chunki mutolaa insonni ma'naviy kamolotga erishtirib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Bu insoniyat tarixida ko‘p bora isbotini topgan haqiqat. Zero, doim ilm-ma'rifatga e'tibor qaratgan jamiyat taraqqiy topgan. Ayni sabab tufayli bugun mamlakatimizda kitobxonlikka e'tibor kuchaytirilib, bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
2021 yil 15 may kuni poytaxtimizdagi akademik F.N.Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘ida Artel kompaniyasi tomonidan 20 ta “Kitob uychalari”ni o‘rnatishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik, idora, tashkilot vakillari hamda jurnalist, blogerlar va kitobxonlar ishtirok etdi.
Avvalo Artel kompaniyasi Boshqaruv Raisi Qobil Toshmuhammedov “Kitob uychalari”ga ramziy kitob qo‘yib berdi. Shundan so‘ng, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar ham o‘zlari bilan olib kelgan kitoblarni “Kitob uychalari”da qoldirdi.
Ta'kidlash kerak, ushbu loyiha shahrimiz aholisi va mehmonlar uchun kitob almashib o‘qish imkonini beradi. Ya'ni ushbu uychalardan siz o‘zingiz istagan kitobni olib mutolaa qilishingiz va o‘zingizdagi kitoblarni u yerda qoldirishingiz mumkin. Bu loyiha orqali Artel kompaniyasi xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga ilm va tafakkur manbaini ulashishni niyat qilgan.
– Kompaniyamizning maqsadi faqat ishlab chiqarish, mamlakat sanoatini rivojlantirishdan iborat emas. Balki xalqimizning intellektual salohiyatini oshirish, yuksak ma'naviyatli, malakali kadrlarni tayyorlashda munosib hissa qo‘shish hamdir, - deydi Artel kompaniyasi Boshqaruv Raisi Qobil Toshmuhammedov. – Kelgusida ushbu loyihani davom ettirib boshqa istirohat bog‘lariga ham “Kitob uychalari”ni o‘rnatish niyatidamiz. Bu orqali kitobsevar xalqimizga mutolaa uchun qulaylik yaratib bermoqchimiz.
Darhaqiqat, jamiyatda keskin o‘zgarishlar ro‘y berayotgan vaqtda davlat idoralari, tashkilot va yirik ishlab chiqarish korxonalari ilm-fanga homiylik qilishi, ularni bevosita qo‘llab-quvvatlashi kerak. Bu jahon tajribasida korporativ ijtimoiy mas'uliyat – tashkilot va korxonalar daromad olish bilan birga, jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shish, deyiladi. Aytish kerak, Artel kompaniyasi jamiyat rivoji uchun ulkan hissa qo‘shib kelayotgan yirik korxonalardan biri hisoblanadi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan kompaniyaning kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan yangi loyihasi iliq kutib olindi va uni ommalashtirishdan har bir yurtdoshimiz manfaatdor ekani aytildi.
Reklama huquqi asosida