Adliya vazirligi yerlarni qonunga zid ravishda egallab olgan fuqarolar, shu jumladan, mansabdor shaxslar uchun ham javobgarlik keskin kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ma'lum qildi.
Amaldagi qonun hujjatlarida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallaganlik, ulardan xo‘jasizlarcha foydalanganlik va yer hisobini yuritishdagi huquqbuzarliklar uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Xususan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60 va 601-moddalarida yerni o‘zboshimchalik bilan egallaganlik va unga yo‘l qo‘yganlik uchun fuqarolarga 2,4 mln. so‘mdan – 3,7 mln. so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 4,9 mln. so‘mdan – 7,3 mln. so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoqqa olinishi, 99-moddasida esa o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarda qurilishni amalga oshirganlik uchun fuqarolarga 17,1 mln. so‘mdan – 24,5 mln. so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 24,5 mln. so‘mdan – 36,7 mln. so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoq qo‘llanilishi belgilangan.
Xuddi shunday, Kodeksning 65, 68,681,69 va 160-moddalarida ham yerdan foydalanish va huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarda yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklar uchun fuqarolarga 245 ming so‘mdan – 735 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga 735 ming so‘mdan – 1,2 mln. so‘mgacha jarima belgilangan.
Shuningdek, ma'muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng takroran sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaganlik uchun Jinoyat kodeksida 24,5 mln. so‘mdan – 36,7 mln. so‘mgacha jarima va boshqa jazo nazarda tutilgan. Shu kabi, ma'muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng takroran yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun 12,2 mln. – 24,5 mln. so‘m jarima va boshqa jazo nazarda tutilgan.
«Amaldagi qonun normalarida huquqbuzarlik uchun qo‘llaniladigan jarimaning minimal va maksimal miqdorlari belgilangani huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘pchilik holatlarda bitta turdagi huquqbuzarlik uchun aybdorlarga nisbatan turlicha chora ko‘rilishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, yer munosabatlarida huquqbuzarlik sonining oshib borayotgani sohadagi belgilangan minimal jarimalarning ta'sirchanligi kamligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, o‘tgan ikki yil davomida 50 mingdan ortiq holatlarda 6.000 gektarga yaqin sug‘oriladigan va 10.400 gektar boshqa yerlar o‘zboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy qurilishlar qilinganligi aniqlangan. Yer sotish, talon-toroj qilish bilan bog‘liq qilmishlari uchun 492 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Amaldagi ma'muriy jarima miqdorlari yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallanishining oldini olish bo‘yicha yetarlicha to‘siq bo‘la olmayotganligi bois, javobgarlik choralarini oshirish zarurati tug‘ilmoqda. Ushbu masala yuzasidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi», deya Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Loyihaga ko‘ra, yer sohasidagi huquqbuzarlik uchun amalda belgilangan jarimalarning minimal miqdori chiqarilib, faqat amaldagi maksimal miqdori qat'iy summada qoldirilmoqda.
Xususan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun fuqarolarga 3,67 mln. so‘m, mansabdor shaxslarga 7,3 mln. so‘m, sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘yganlik uchun ma'muriy qamoq jazosi bekor qilinib, jarima miqdori fuqarolar uchun 4,9 mln. so‘m (amalda 3,7 mln. so‘m), mansabdor shaxslar uchun 12,2 mln. so‘m (amalda 7,3 mln. so‘m) qilib belgilash ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yer uchastkasi va turar joyga bo‘lgan huquqni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmaslik uchun fuqarolarga nisbatan 490 ming so‘mgacha bo‘lgan jarima 1,2 mln. so‘mgacha ko‘tarilmoqda, shuningdek, jarima qo‘llash vakolati sud, prokuratura va soliq organlaridan kadastr organlariga o‘tkazilmoqda.
Ta'kidlash lozimki, noqonuniy egallangan yerlarda qurilgan binolarni elektr, gaz, issiqlik, vodoprovod va kanalizatsiya kabi hayotiy muhim kommunikatsiya tarmoqlariga ulab berganlik uchun javobgarlikning belgilanmaganligi yerlarni o‘zboshimcha egallashga imkoniyat yaratmoqda.
Shu sababli, endi o‘zboshimchalik bilan egallangan yerda qurilgan imoratlarni elektr, gaz, issiqlik, vodoprovod va kanalizatsiya tarmog‘iga ulab berganlar uchun ham ma'muriy javobgarlik belgilanib, ularga nisbatan 7,3 mln. so‘mdan (fuqarolarga) 17,1 mln. so‘mgacha (mansabdor shaxslarga) jarima joriy qilinmoqda.
Jinoyat kodeksida ham yer munosabatlari bilan bog‘liq jazolar kuchaytirilishi belgilanmoqda. Xususan, takroran yerni o‘zboshimchalik bilan egallaganda aybdorga belgilangan jinoiy jarima 24,5 mln. so‘mdan 98 mln. so‘mgacha oshirilmoqda, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarni qurilish qilgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik (122,5 mln. so‘mgacha jarima, 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi) joriy etilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, Jinoyat kodeksiga yangi 2296-modda kiritilib, unda sug‘oriladigan yer uchastkasi yoki uning qismiga bo‘lgan huquqni sotganlik yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berganlik uchun 122,5 mln. so‘mgacha jarima, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jinoiy jazosi belgilanmoqda. Ushbu jinoiy qilmish ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar, jinoiy guruhlar, takroran yoki retsidivist tomonidan yoxud xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilganligiga qarab yanada og‘irroq (eng ko‘pi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) jazolanishi ko‘zda tutilmoqda.
Loyihadagi yana muhim bir o‘zgartish “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilmoqda, unga ko‘ra, fuqarolar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashi qabul qilgan hujjatlar ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin bo‘ladi.