Kun.uz saytida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Nooken tumanida yashovchi 75 yoshli ona Chinixon Eraliyevaning Oliy majlis senati raisi Tanzila Norboyevaga murojaati yuzasidan «Oxirgi umidim sizdan...» — qirg‘izistonlik ona nega Tanzila Norboyevaga murojaat qildi?» maqolasi e'lon qilingan edi.
Chinixon ona o‘z murojaatida qizi Shoiraxon Egamovani 1990 yili Andijon viloyati Izboskan tumaniga uzatgani, qizi shu paytgacha uch farzandni kamolga yetkazib, nevara ko‘rgan bo‘lsa-da, haligacha O‘zbekiston fuqarosi pasportini ololmayotgani haqida kuyunib yozgan.
Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berishicha, prezidentning 11 may kungi farmoni bilan Shoiraxon Egamovaga pasport beriladigan bo‘ldi.
Biz Shoiraxon Egamova bilan telefon orqali bog‘landik.
«Kun.uz saytida maqola e'lon qilingach, men bilan Andijon viloyat Ichki ishlar bo‘limi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimlari bog‘lanib, barcha hujjatlarimni yangidan to‘ldirib, Toshkentga jo‘natishgan edi.
Bugun, 14 may kuni tuman «pasport stolidan aloqaga chiqishib, menga O‘zbekiston fuqaroligi berilganini aytishdi. Uzoq kutgan yangiligimni eshitganimdan beri ko‘zimdan quvonch yoshlari tinmayapti.
Qarindosh-urug‘lar telefon orqali tabriklashmoqda. Xursandligimning cheki yo‘q. Qirg‘izistondagi yaqinlarim ham muammomiz hal bo‘lganidan juda xursand.
Nasib qilsa, o‘n kunlar ichida pasport qo‘limga tegar ekan. Oilamiz bilan murojaatimizga e'tibor qaratgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaga hamda bizga yaqindan yordam bergan barcha mutasaddilarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Va nihoyat men O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldim. Endi emin-erkin ota yurtim Qirg‘izistonga onamni, yaqinlarimni ko‘rgani bora olaman», deydi Shoira Egamova.