"O‘zbekneftgaz": Gazlida gaz trubalariga xomut o‘rnatib, kondensat o‘g‘irlash holatlari aniqlandi

Jamiyat 16:40 / 14.05.2021 21214

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan imzolangan buyruqqa asosan, dam olish kunlari ishlab chiqarish hamda qayta ishlashni uzluksiz tashkil etish maqsadida barcha boshqarma, zavodlarda ish tashkil etildi.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida Xislat Nazirov boshchiligida tashkil etilgan “Ishchi guruh” dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan birgalikda konlar va quduqlarda o‘rganish olib borildi.

O‘rganishlar davomida, afsuski, shunday ulug‘, Muborak ramazon hayiti kunida ham o‘g‘irliklar sodir qilinayotgani aniqlandi.

Jumladan, “Qumli” konidan olinayotgan kondensatni o‘g‘irlashga uringanlar o‘z maqsadiga erisha olmadi. Ular tomonidan diametri 720mm bo‘lgan gaz kollektoriga teshib o‘rnatilgan 2 ta xomut aniqlandi ham o‘g‘irlik oldi olindi.

Afsuski, o‘g‘rilar o‘z maqsadiga erisha olmagan bo‘lsa-da, lekin mamlakat iqtisodiyotiga juda katta zarar yetkazishdi. Chunki, ular tomonidan teshilgan joylarni berkitish va ta’mirlashga 1.4 mln kub metr tabiiy gaz yo‘qotiladi, 8 soat davomida esa “Qumli”, “O‘rtaqum”, “Shorqum”, “Andakli” konlar tabiiy gaz yetkazib berishdan to‘xtaydi.

Bundan tashqari, “Hojiqozxon-Kulbeshkak” diametri 426mm gaz kollektorida ham xomut o‘rnatilgani fosh etildi. Aynan ushbu xomutlar o‘rnini ta’mirlash uchun 250 ming kub metr tabiiy gaz yo‘qotiladi.

“Savatli-Kulbeshkak” diametri 325 mm bo‘lgan gaz kollektoridagi xomutlarni ta’mirlashga 500 ming kub metr gaz yo‘qotishga to‘g‘ri keladi.

Ko‘rib turganingizdek, o‘g‘rilar tomonidan gaz trubalariga xomut o‘rnatilishi, aholiga yetkazib beriladigan yoki qayta ishlashga yo‘naltiriladigan tabiiy gaz yo‘qotilishiga sabab bo‘libgina qolmay, mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli darajada zarar yetkazadi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan ayni mana shunday o‘g‘irliklarning oldini olmasdan, talon-tarojliklarga yo‘l qo‘ygan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari, o‘nlab mas’ullar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: