Inson borki, ko‘zni quvnatadigan chiroyli yaratiqlar joriy etishni xush ko‘radi. Bu yaratiqlar tabiatga, jonivorlarga zarar yetkazish, ularni azoblash hisobiga bo‘lishi esa achinarli holat.
Nafaqat poytaxtda, balki barcha viloyatlarda ko‘plab sotilayotgan bu jo‘jalar kimyoviy bo‘yoq yoki oziq-ovqat bo‘yog‘i yordamida shunday holatga keltirilgan.
Inkubatorda ochirilgan jo‘jalar 800-1000 so‘mdan turadi va 1 kunlik jo‘jalarni istagancha topish mumkin ekan. Bu jo‘jalarni xohlagan rangga bo‘yab sotish mumkin. Kun.uz suhbatlashgan sotuvchilar bunday jo‘jadan bir kunda o‘rtacha 500 dona sotilayotganini aytishdi.
Masalan, ulgurji narxda 1000 so‘mdan jo‘ja sotib olib, ularni bo‘yab, o‘rtacha 5000 so‘mdan sotilsa, bor-yo‘g‘i 500 ta jo‘ja sotgan odam bir kunda 2 mln daromad ko‘rishi mumkin. Oson va arzon biznes turi. E'tiborimizni tortgan jihat – xaridorlarning aksariyati farzandlari uchun xarid qilishmoqda.
Ammo buning zararli jihatlari bor. «Parrandasanoat» uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hakim Normuhammedov jo‘jalarning bu usulda reklama qilinishi ularning salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini aytdi.
«Mutaxassis sifatida aytamanki, bu jo‘jalar ozuqa bo‘yoqlari bilan har qaysi rangga alohida bo‘yalib, sotuvga chiqarilyapti. Juda chiroyli yorqin ranglarda ular diqqatni tortadi. Lekin hammamizga ma'lumki, tabiatda parrandalar tabiiy ravishda bundan ranglarga ega emas.
Buning salbiy ta'siri shundan iboratki, terisi va nafas olishi orqali jo‘ja organizmiga bo‘yoq elementlari tushadi. Bunda uning organizmi zararlanadi. Birinchi navbatda bo‘yoq sepilganda jo‘jalarning usti ho‘l bo‘ladi. Yangi ochib chiqqan jo‘ja terisi juda nozik bo‘ladi. Namlik oqibatida bir necha kundan so‘ng unda shamollash kuzatilishi mumkin. Yana bir yomon ta'siri, nafas orqali kirgan bo‘yoq zarrachalari jonivorning o‘pkasini zararlashida.
Ba'zi holatlarda jo‘ja ochilmasdan turib tuxum qaysi rangga bo‘yalsa, shu rangda jo‘ja ochilishini eshityapmiz. Qo‘pol qilib aytganda, bu ertak. Jo‘janing rangi tuxumning rangiga bog‘liq emas. Odatda tuxum rangi oq, jigarrang va qaymoqrangda bo‘ladi. Lekin tuxum qaysi rangda bo‘lishidan qat'iy nazar ochib chiqqanda xo‘roz jo‘jalarning rangi boshqacha, tovuqlarning rangi boshqacha bo‘lishini kuzatish mumkin, ya'ni ikkalasiyam bir xil rangli tuxumdan chiqsa ham ranglari turlicha bo‘ladi», – dedi mutaxassis.
Aslida, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun qonunchilikda jazo bor. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash – 1-3 BHM jarimaga sabab bo‘ladi.
Agar bu huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs guvohligida sodir etilgan bo‘lsa, yoki ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori 3-5 BHMga oshadi, yoxud hatto 15 sutkagacha ma'muriy qamoq bilan jazonaladi.
Shuningdek, jonivorlarga turli usullar bilan ozor berishga, o‘zgartirishga dinimizda ham o‘ziga xos munosabat bildiriladi. Allohning yaratgan jonivorlarini o‘zgartirish gunoh hisoblanib, ularga ozor yetkazishdan ham tiyilishga chaqiriladi:
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam yuz qismiga tamg‘a urilgan eshakni ko‘rib: «Bunga tamg‘a urganni Alloh la'natlasin!» – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Sahobiylar safarda chumchuqqa o‘xshagan qushning polaponlarini olib qo‘yishganda, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam polaponlarni qaytarib, o‘z joyiga qo‘yishni buyurdilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Bu bilan ular jonivorlarga rahm-shafqat ko‘rsatishda namuna bo‘lganlar. Demak, shariatimizda hayvonlarga ozor berish, azoblash va ularga shafqat ko‘rsatmaslik qoralanadi.
Qonunga qanchalik bo‘ysunish, dinda belgilangan amallarni to‘kis bajarish har bandaning vijdoniga havola. Ammo qo‘limizda tarbiya topayotgan, eshitgani emas ko‘rganiga amal qiladigan farzandlarimiz uchun biz xursandchilik ramzi hisoblagan bu holat ularda zolimlik, jonivorlarga nisbatan berahmlik tuyg‘ularini shakllantirar ekan. Ya'ni psixologik jihatdan bolaning emotsional holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Jonivorlarga azob berish orqali rohatlanish fikri, tabiat yaratgan bor narsadan zavqlanmaslik kelib chiqishi mumkin. Bu haqda psixolog Rozaliya Gabdulhakova shunday deydi.
«Jo‘jalar hayotiga zarar yetkazib marketing uchun bunday holga keltirish – vahshiylik. Ustiga-ustak buni bolalarga tavsiya qilishda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Aslida bolaga jonivorlar olib berishdan 2 ta maqsad ko‘zlanadi: bittasida jonivorga g‘amxo‘rlik qilish, uni qanday parvarishlashni o‘rgatish mumkin. Ikkinchisida esa uni o‘yinchoq sifatida olib berish, jonivorni har qanday kuyga solish mumkinligini sezishi bolada boshqalarning shaxsiy chegarasi va hayotini qadrlamaslikni shakllantirishi mumkin. Odatda kichkina yoshdagi bola mehri bilan ham uni o‘ldirib qo‘yish mumkin».
Surishtiruvlar davomida ma'lum bo‘ldiki, jo‘jalarni bu tarzda turfa xil ranglarga bo‘yab savdoga chiqarilishi shunchaki sotuv hajmini sun'iy oshirish uchun qilinadi.
Ya'ni bunda jo‘ja boqib katta qilish uchun emas, aksincha uning chiroyiga mahliyo bo‘lgan yosh bolalarning (asosan 3-7 yoshdagi) xarxashalari uchun, ovunchoq maqsadida sotib olinadi.
Bo‘yalgan jo‘jalardan xarid qilgan ayrim fuqarolar ularning nari borsa 1 hafta ichida nobud bo‘lganini aytishdi.
Ko‘rganlarimiz va o‘rganganlarimiz natijasida tabiatning ushbu mitti jonivorlari inson xohishlari yo‘lida qurbon bo‘layotgani achinarli hol ekani ko‘ngilni xira qildi.
Shundan kelib chiqib, avvalo jo‘jalarni bo‘yayotgan va ularni shu holda sotuvga chiqarayotgan «tadbirkor»larimizdan dinimiz buyurmagan yomon amaldan qaytib, jonivorlarga ozor bermasliklarini, ularning umrini qisqartirmasliklarini so‘rab qolamiz.
Ota-onalarni farzandlarining ra'yiga qarshi bo‘lsa-da jo‘jalarni sotib olmasdan, bunday shafqatsizlikning oldini olishga chaqiramiz.
Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri