11 may kuni Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda vazirlik tomonidan 2021 yilning birinchi choragida o‘tkazilgan qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta'lim va davlat xaridlari sohalariga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari tahlil va muhokama qilindi.
Ma'lum qilinishicha, ekspertiza natijalari bo‘yicha yuqoridagi sohalarni tartibga soluvchi 226 ta qonunchilik hujjatlarining 75 tasida (33 foizi) 302 ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlangan.
Xususan, qurilish sohasidagi 44 ta qonunchilik hujjatlarining 23 tasida (52 foizi) 124 ta, sog‘liqni saqlash sohasidagi 70 ta qonunchilik hujjatlarining 13 tasida (19 foiz) 41 ta, oliy ta'lim sohasidagi 96 ta qonunchilik hujjatlarining 27 tasida (28 foizi) 91 ta, davlat xaridlari sohasidagi 16 ta qonunchilik hujjatlarining 12 tasida (75 foiz) 46 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.
Tadbirda, shuningdek, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilgani va korrupsiyaviy normalar haqida xabar berish uchun adliya_korrupsiyasizqonun_bot telegram boti tashkil etilgani ma'lum qilindi.
Shuningdek, Adliya vazirligi qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan prezident qarori loyihasini ishlab chiqayotganini ma'lum qildi. Tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalar ushbu loyihada inobatga olinishi aytildi.