Eyfel ko‘prigidagi gul bezaklari – an'anaviy festivaldan reportaj

O‘zbekiston 19:27 / 12.05.2021 13884

Bu yilgi gullar festivali 8–16 may kunlariga to‘g‘ri keldi. Shahar bo‘ylab sayr qilar ekansiz, turli tashkilotlar, muassasalar tomonidan jami 92 ta gul bezaklari o‘rnatilganiga guvoh bo‘lasiz.

Rafiqam va farzandim bilan mana shu 92 bezakning ba'zilariga tashrif buyurdik. Har doimgidek jarayonlarni rasm va videoga muhrlashga harakat qildim.

Shaharning mashhur obektlaridan biri Gustav Eyfel tomonidan Onyar daryosi uzra qurilgan Eyfel ko‘prigi gullar festivalining ham asosiy bezaklaridan biri hisoblanadi. Qizil temir panjaralar shaklida ishlangan mazkur ko‘prik turli gullar, o‘simliklar va barglar bilan bezatilgan.

Garchi pandemiya tufayli sayohat imkoniyati keskin cheklangan bo‘lsa-da, ko‘prikda ko‘plab mahalliy va xorijiy sayyohlarni uchratasiz.

Shuningdek, daryo uzra o‘tgan boshqa bir qancha ko‘priklar ham gullar bilan bezatilganini ko‘rish mumkin.

Jironaning eski shahar qismiga kirib borar ekansiz, ko‘chalar ham gullar bilan bezatilganiga guvoh bo‘lasiz.

«Taxtlar o‘yini» filmining 6-mavsumi sahnalaridan ayrimlari olingan joy – Avliyo Marti Sakosta cherkovi zinalari ham gullar va xushmanzara o‘simliklar bilan bezatilgan.

Gullar festivalining eng qiziqarli manzillaridan biri, shubhasiz, maktab va bog‘cha bolalarining o‘qituvchilari yordamida tayyorlagan bezaklari joylashgan ko‘chadir. Ko‘chada Jironadagi maktab, bog‘cha, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari tomonidan ishlangan turli asarlarni ko‘rish mumkin.

Shaharning u qadar gavjum bo‘lmagan ko‘chalarini kezganingizda ham har-har yerda o‘rnatilgan maxsus gul bezaklarini uchratasiz.

Festival tarixi 1954 yilga borib taqaladi. O‘sha yili bir guruh yosh tadbirkorlar shahar munitsipal teatrida gullardan ishlangan asarlar namoyishini tashkillashtiradi. Shanba va yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan mazkur musobaqa kutilmagan mashhurlik va muvaffaqiyat qozonadi. Shundan so‘ng bu tadbir har yili o‘tkazila boshlaydi. Yillar davomida o‘zining gul bezaklarini namoyish qiluvchi tashkilotlar, muassasalar soni oshib boradi.

Maqsud Salomov,
UzbekLife’ning Ispaniyadagi kolumnisti

Ko‘proq yangiliklar: