Urush qatnashchilarining pensiya miqdori oshiriladi

Jamiyat 19:37 / 11.05.2021 10697

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy ta'minotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonini imzoladi.

Hujjat mamlakatimizda keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini shakllantirish, Vatan obro‘-e'tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga faol qatnashayotgan qariyalarni e'zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan faxriylarning moddiy ta'minotini yanada kuchaytirish maqsadi qabul qilingan.

2021 yil 10 maydan boshlab 1941–1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – 2,5 million so‘m etib belgilangan.

Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlarga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi belgilangan.

Ma'lumot uchun, bugungi kunga qadar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining eng kam pensiya miqdori 800 ming so‘mni, o‘rtacha hisobda esa 1 million 700 ming so‘mni tashkil etardi. Mazkur farmon asosida joriy etilayotgan yangi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi urush va mehnat faxriylarining pensiyalari hajmini 2 barobar oshirish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: