Kun.uz'ga murojaat qilgan korxona rahbari Jamshid Zuhurovning aytishicha, uning binolari prezidentning 2017 yil 27 martdagi «2017 — 2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-2853 sonli qarori asosida buzilgan.
Lekin, Yangiyer shahri hokimi Ilyor Xo‘jayev ushbu binolar buzilgan vaqtda ularning tovon pullari hokimlik tomonidan to‘lab berilishi haqida «Kafolat xati» yozib berganiga qaramasdan, oradan ikki yil muddat o‘tgan bo‘lsa-da, hali ham kompensatsiya puli to‘lanmay kelmoqda. Tadbirkorning tovon pulini undirish yoki buzilgan hudud o‘rniga yer berish to‘g‘risidagi hokimlikka qilgan murojaatlariga e'tiborsiz qilib kelingan.
«Mening mulklarim aslida to‘liq bozor hududida ham bo‘lmagan, hozir choyxonam buzilgan joy avtomobillar to‘xtash joyi bo‘lib turibdi. Lekin, prezident qarori asosida yangi bozorni qurayotgan tadbirkor va hokim birgalikda mening binolarimni ham buzdirib tashlashdi. Undan keyin Yangiyer hokimi Ilyorjon Xo‘jayev qabuliga bir necha marta kirdim. «Bo‘ldi, beramiz», deydi, lekin bermaydi.
Keyin shahar hokimi o‘rinbosari Isomiddin aka bilan gaplashdik, u ham pul to‘lab berilishi, faqat shahar budjetida ortiqcha pul yo‘qligi tufayli keyinroq to‘lanishini aytdi. U shahar budjeti yilni daromad bilan yakunlayotgani, lekin orttirilgan pul boshqa sohalarga yo‘naltirilayotganini aytdi. Men-chi? Nega hokimiyat dastlab o‘z qarzini to‘lab qo‘ymaydi? Axir men o‘sha mulkimdan oyda 3-4 million so‘m daromad qilardim, 10-15 kishini doimiy ish bilan ta'minlardim», – deydi tadbirkor.
Hokimlikdan qarzini o‘zi ololmasligini tushungan «Jamshid-Aziz-Fayz» MChJ rahbari Jamshid Zuhurov 2020 yil oktabr oyida Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga murojaat qiladi. Sud tadbirkorning mulki yetkazilgan zarar qoplanmasdan turib buzib yuborilgan deb topgan hamda Yangiyer shahar hokimligining chorak yakuni bo‘yicha ortiqcha tushgan mahalliy budjetining daromad qismidan tadbirkor foydasiga 390 million 885 ming so‘m moddiy zarar (tovon puli), ekspertiza o‘tkazish bilan bog‘liq 1 million 143 ming so‘m xarajatlarini undirish bo‘yicha qaror chiqaradi.
Jamshid Zuhurovning aytishicha, sudda qatnashgan shahar hokimligi yuristi da'vo predmeti va uning summasiga ham e'tiroz bildirmagan.
Sudning hal qiluv qarori 2020 yil 9 noyabr kuni qonuniy kuchga kiradi va 30 noyabr kuni Majburiy ijro byurosining Yangiyer shahar bo‘limi tomonidan ijro varaqasi qabul qilib olinadi.
«Ijro varaqasini qabul qilib olganiga 6 oy bo‘lganiga qaramasdan MIB xodimlari hali ham sud qarorini ijro etmayapti. Avvaliga hokimiyat, endi esa MIB xodimlari orqasidan yugurib yuribman. Ular Yangiyer shahar moliya bo‘limiga berganmiz, chorakdan shahar budjeti foyda bilan chiqsa, o‘sha foydadan to‘laydi, o‘shalarga boring, deyishdi. Shundan so‘ng Bosh prokuraturaning 1007 ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib, Yangiyer shahar MIB ustidan shikoyat ham qildim, foydasi bo‘lmadi.
Mulklarim buzilishidan oldin soliqlardan 4,5 million so‘m atrofida qarzim bor edi. Majburiy ijro byurosi xodimlari 15 kun muddat berilishini aytib ogohlantirdi, muddat tugagach darhol kelib uyimdagi sotsa bo‘ladigan buyumlarimni musodara qilib ketishdi.
Meni bir savol qiynaydi: nahotki qonunlar hamma uchun har xil ishlaydi? Arzimagan summa uchun mulklarimni musodara qilgan MIBchilar nega hokimiyatning sud qarori bilan tasdiqlangan 390 million so‘mlik qarzini undirib bera olmayapti?» – deydi tadbirkor.
Biz holatga izoh olish uchun Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Ma'lum qilinishicha, haqiqatan bu masala yuzasidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
«Lekin, Budjet kodeksining 128-moddasida, undiruvni davlat budjeti mablag‘lariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish moliya organlari tomonidan tegishli budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgani bois, ijro hujjati asli ijro uchun Yangiyer shahar hokimligi moliya bo‘limiga yuborilgan.
Shuning uchun, ijro hujjati qonun talabiga muvofiq Byuro organlari tomonidan emas, balki Yangiyer shahar hokimligi moliya bo‘limi tomonidan ijro qilinishi lozim», deyiladi MIB matbuot xizmati bergan izohda.
Shuningdek, Yangiyer shahri hokimligi bilan bog‘langanimizda shahar hokimligi markaziy bozorni rekonstruksiya qilish jarayonida «Jamshid-Aziz-Fayz» MChJga tegishli mulklar buzib yuborilganini tasdiqladi. Lekin, hokimlik matbuot xizmati bandligi bois masalaga unchalik e'tibor qilishni xohlamadi va tadbirkordan qarzning bir qismi (212 million so‘m) 2019 yil may oyida Yangiyer shahar hokimligiga yaqin boshqa bir tadbirkor tomonidan to‘lab berilganini aytdi.
Ko‘rib turganingizdek, Yangiyer shahar hokimligi masalani yanada chigallashtirib yuborgan. Ya'ni hokimlikning «Jamshid-Aziz-Fayz» MChJdan 392 million so‘m atrofida qarzdorligi mavjud. Lekin, mas'ullar ushbu qarzni budjetdan to‘lab berish o‘rniga boshqa bir tadbirkor bilan kelishib, hokimlik qarzini o‘sha tadbirkorga to‘latgan. Endi hokimlikdan o‘z haqqini ololmay yurgan «Jamshid-Aziz-Fayz» boshlig‘i boshqa tadbirkordan qarzdor ham bo‘lib qoldi. Bundan tashqari hokimlik o‘z javobgarligini tadbirkorga yuklashga haqqi bormi degan savol ham o‘rtaga chiqadi? Buning ortidan hokimlikka yordam bergan tadbirkorga qonunda ko‘zda tutilmagan «imtiyozlar» berilmasligiga kim kafolat beradi?
Lekin, baribir asosiy savol ochiq qolmoqda: Yangiyer shahar hokimligi «Jamshid-Aziz-Fayz» MChJdan 392 million so‘m qarzdorligini qachon to‘lab beradi?
Yana bir holat. Sud qarorida, garchi tadbirkorning buzilgan mulki uchun Yangiyer shahar hokimligi kompensatsiya to‘lab berishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, mulklarni buzishga asos bo‘lgan hujjat - PQ-2853 sonli «2017 — 2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident qarorida viloyat hokimliklari tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplab berishga mas'ul ekanligini belgilangan.
Xususan, qarorning 16 bandida «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur yer uchastkalari ajratilishini, shuningdek, ularning hududlari tayyorlanishini hamda bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishini ta'minlasinlar» deyilgan.
Sud qarori va prezident qarorida aniq javobgarlar belgilab qo‘yilgan bo‘lishiga qaramay, yangiyerlik tadbirkor o‘z mulkiga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiyani 2 yildan buyon ololmay yuribdi. Yangiyer shahar hokimligi sud qarorini 5 oydan buyon bajarmayapti, MIB hokimlik oldida yana ojiz. Sirdaryo viloyati hokimligi esa prezident qarorida ko‘rsatilgan majburiyatlaridan ham xabari yo‘q.
Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov.