O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Ramazon oyida imom-xatiblar boshchiligida bir necha o‘n minglab ehtiyojmand oilalar, «Muruvvat» va «Saxovat» uylariga, shifoxonalardagi haqdorlarga 10 milliard 35 million so‘mdan ortiq oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa turdagi xayriyalar yetkazib berilgan.
Ramazon saxovat oyi ham. Bu ulug‘ oyda qilingan xayriyalarga o‘ndan yetti yuz barobargacha va undan ham ko‘paytirib beriladi.
Imom-xatiblar ham bu oyda saxovatpesha insonlarni xayriyalar qilib, ulkan ajru savob olib qolishga targ‘ib qiladi, ehtiyojmand oilalarga dalolat qilib haqdorlarning ko‘nglini obod qiladi.
«Joriy yil Ramazon oyida xayriya an'anasi yanada kengaydi. Bu muborak mavsum davomida imom-xatiblar va saxovatpesha insonlarning yaxshilik yo‘lidagi hamkorligi natijasida yurtimizdagi bir necha o‘n minglab ehtiyojmand oilalar, «Muruvvat» va «Saxovat» uylariga, shifoxonalardagi haqdorlarga 10 milliard 35 million so‘mdan ortiq oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa turdagi xayriyalar yetkazib berildi.
Albatta, bu xayriya ishlarining hammasi emas. Maxfiy tutilgan, hisobga kiritilmagan xayriyalar bundan ham ko‘p. Imom domlalarimiz mushkuli bor, ko‘ngli siniq kishilarga moddiy xayriyalarni ulashish barobarida ularning ko‘nglini shirin so‘z bilan ko‘tarib, haqlariga duoi xayrlar qildilar.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: «Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir» (Ar-Rohman surasi, 60-oyat). Ya'ni yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir. Oyati karimadagi birinchi yaxshilikni bandalar qiladi. Uning ichiga barcha ezgu ishlar kiradi. Ikkinchi yaxshilik esa Alloh taolo yaxshilik qiluvchilarga beradigan jannatdir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Eng afzal sadaqa Ramazonda qilingan sadaqadir». Imom Ahmad va «Sunan» sohiblarining ba'zilaridan qilingan rivoyatda: «Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, u uchun u (ro‘zador)ning ajridan hech narsa kamaymagan holatda bo‘ladi (yoziladi)», deganlar.
Eslatib o‘tamiz, imom-xatiblar tashabbusi bilan Ramazonning ilk haftasida qariyb 2 milliard, ikki haftasida 4 milliard so‘mlik so‘m xayriya qilingan edi», deyiladi xabarda.