Bugun, 11 may kuni Farg‘ona viloyati hokimligida yo‘l-transport hodisalari oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etish va oldinda turgan vazifalarni kelishib olish yuzasidan tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.
Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov ishtirok etgan yig‘ilishda kuni kecha Yozyovon tumani hududidan o‘tgan A-373 xalqaro ahamiyatdagi yo‘lda sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi natijasida 6 nafar fuqaro – ikki oila vakillari vafot etgani va 4 nafar fuqaro tuman shifoxonasining jonlantirish bo‘limida hayot uchun kurash olib borayotgani ma'lum qilindi.
Shundan kelib chiqib, vodiy viloyatlarini bog‘lovchi A-373 yo‘nalishidagi yo‘l belgilari, beton to‘siqlar, yo‘l yoritgichlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, vodiy viloyatlari to‘liq o‘rganib chiqilishi ta'kidlab o‘tildi.
Yig‘ilishda mutasaddilarga katta yo‘l qismlarini asfalt qilish bilan birga ichki yo‘llar xususan, piyoda yo‘lakchalari, velosipedchilarning harakatlanishi uchun sharoit yaratilishi, yo‘llarni yotiq chiziqlar, nur qaytargichlar orqali yoritish masalasini ham ko‘rib chiqish vazifasi yuklatildi.