Kun.uz muxbiri o‘sha tasvirlangan joyni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun Qo‘ng‘irotdagi posyolkaga yo‘l oldi.
Nukusdan taxminan 500 km uzoqlikdagi hududga yetib borishga qariyb 10 soat vaqt ketdi. Yengil mashinada yo‘l olingani uchun birmuncha tezroq yurildi.
«Hayvon ham yurmaydigan yo‘l»ning boshlanishiga kun botay deganda yetib bordik. Bu yo‘l dong‘i ketgan Jasliq qamoqxonasidan ham uzoqda joylashgan ekan. Yo‘lda na bir tirik jon, na bir suv ichish uchun joy bor. Quruq sahro oralab ketaverasiz, ketaverasiz...
Abgor yo‘lning boshlanish qismida Qo‘ng‘irot yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining ishchilariga duch keldik. Ular yo‘lda joriy ta'mirlash ishlarini olib borayotgan ekan. Korxona xodimi avvaliga bizga ma'lumot berishdan bosh tortdi. Keyinroq baribir muloqotga rozi bo‘ldi.
Ismi sir saqlanishini so‘ragan xodimning aytishicha, abgor holatda qolayotgan yo‘lning uzunligi aslida 107 km.ni tashkil etadi. Yo‘l 2016 yildan boshlab mana shu holatga kelib qolgan.
«Uni to‘liq ta'mirlash uchun 50 mlrd so‘mga yaqin pul kerak bo‘ladi. Har yili smetada ko‘rsatib beramiz. Lekin pul ajratib berishmaydi. Har yili 5–10 mlrd so‘mdan pul ajratib bo‘lsa ham, yo‘l tuzatib turilganida u bunday ahvolga tushmasdi. Hatto hozirgi boshlagan ishimizga ham pul ajratilmagan. Shuncha texnika va ishchilarga pul qayerdan berilishi noma'lum», — deydi korxona xodimi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lga 2002–2006 yillarda asfalt yotqizilgan. Shundan buyon bu yo‘l ta'mirlanmagan. O‘sha paytda yotqizilgan asfalt ham sifatsiz bo‘lgan. Ya'ni zavodda yangi pishirilgan asfalt bo‘lmagan. Yo‘llardan qirib olinib, qayta qorib ishlangan mexanik asfalt yotqizilgan.
«Shundan keyin nima bo‘lsin? Aytib-aytib charchadik. Baribir foydasi yo‘q. Hozirgi ishlarni ham qarzga bajaryapmiz. Tarmoqda videolar tarqalgach, bizni bu yerga yuborishdi. Qayergacha, qachongacha ishlashimiz ham noma'lum», — deydi Qo‘ng‘irot yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimi.
Suratga olish ishlarini yakunlab, ortga qaytayotganimizda bir kun oldin ko‘rganimiz texnika va ishchilar yo‘qolib qolgan edi.
O‘nqir-cho‘nqir bo‘lib yotgan yo‘lda yengil mashina bilan soatiga 20 km tezlikdan ortiq hayday olmadik. Yo‘l bo‘yi haydovchimiz Farrux Rahmonovning fikrlarini tingladik. Yo‘limizda uchragan, xorijdan O‘zbekiston hududiga kirib kelgan haydovchilar bilan suhbatlashdik.
Xulosa qilib aytganda, yo‘lning 964-1204 kilometri, ya'ni Qo‘ng‘irotdan toki Qozog‘iston davlat chegarasigacha bo‘lgan hududning 90 km.dan ortiq qismi yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.
Lavhani tayyorlab qaytganimizdan so‘ng bizga ma'lum bo‘lishicha, «Qo‘ng‘irot – Karakalpakiya posyolkasi» oralig‘idagi 240 kilometrli yo‘l Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida qayta quriladigan bo‘lgan. Joriy yilning o‘zida mazkur yo‘lga 34,6 mln AQSh dollari investitsiya mablag‘lari yotqizilishi ko‘zda tutilgan. Ta'mirlanadigan yo‘l ikki polosali bo‘ladi.
Kun.uz tillarga tushgan va chindan ham o‘ta abgor holatda bo‘lib turgan mazkur yaroqsiz yo‘lning tezroq soz holga keltirilishi, haydovchi va yo‘lovchilarning mushkuli oson bo‘lishi, xorijdan O‘zbekiston hududiga kirib kelgan chet ellik haydovchilarning hafsalasi pir bo‘lishiga chek qo‘yilishidan umid qiladi va jarayonni kuzatib boradi.
Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi Faxriddin Hotamov.