Allergiya emas, unga moyillik tug‘ma bo‘ladi - Xalqaro molekulyar allergiya markazi ilmiy xodimi

Jamiyat 16:36 / 11.05.2021 3195

Xalqaro molekulyar allergiya markazi klinik bo‘limi mudiri Mohigul Ismatova markazning allergik kasalliklarni davolashdagi bugungi ulkan ahamiyati, allergik kasallik va ularning davosi bilan bog‘liq qiziqarli ma'lumotlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Butun dunyoda oxirgi 10 yilliklar ichida allergik kasalliklar, jumladan, astma kasalligi judayam keng tarqalib bormoqda. Buning sabablari yetarlicha topiladi, masalan, ekologiyaning buzilishi, ovqatlanish tartibi o‘zgargani, ko‘p miqdorda dorilar iste'mol qilish va boshqa omillar. Allergik kasalliklar bilan kurashish hozirgi tibbiyotning dolzarb muammolaridan sanaladi. Mamlakatimizda ham xalqaro tibbiyot hamjamiyati bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Prezident qarori bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Xalqaro molekulyar allergiya markazi tashkil etilib, bu yerda so‘nggi allergodiagnostika usullari tatbiq etiladi. Biz shu allergodiagnostika asosida Toshkent shahri va viloyatlarda allergik kasalligi bor bemorlarni bepul sog‘lomlashtirish ishlarini bajarib kelamiz.

O‘zbekistonda molekulyar allergologiyani tatbiq etish shu sohada amalga oshirilgan eng katta ishlardan desak bo‘ladi. Hozirda bolalarda ayniqsa, allergik kasalliklar ko‘p uchramoqda va bu diagnostika orqali bolalarda nafaqat allergiyalarni aniqlash, balki allergik kasallik shu bolada qanday kechishini oldindan aytib berish imkoniyatiga egamiz. Biz ushbu molekulyar diagnostika orqali bir bemorda 300 tagacha allergiyani aniqlay olamiz, uning ichida ovqat allergiyalari, uy hayvonlariga, daraxtlar gullariga, uy changi zamburug‘ga allergiya ham bor. Har bir bemorning allergik profili turlicha bo‘lgani uchun parhez bemorga moslab tavsiya qilinadi.

Allergodiagnostikaning yana bir muhim xususiyatlaridan biri ayniqsa, ayri allergenlarni aniqlab, ulardan allergenspetsifikimmunoterapiya o‘tkazish va uning samarasini oldindan aytib berish hisoblanadi.

Xalqaro molekulyar allergiya markazi allergenlarning tarqalishi bo‘yicha ham tadqiqotlar olib boradi. Toshkent shahri va viloyatlardagi allergenlarning farqi mavjud. Masalan, Toshkentda kiparez va alternariya allergiya ko‘p uchrasa, vodiy viloyatlarida uy changiga allergiya ko‘proq uchragani aniqlandi. Bu hududlarining iqlim sharoiti va boshqa xususiyatlar bilan bog‘liq.

Allergiya tug‘ma bo‘lmaydi, balki allergiyaga moyillik tug‘ma bo‘ladi, u genlar orqali nasldan naslga o‘tadi. Ya'ni bolaga ota-onadan allergiyaga moyillik o‘tadi, tug‘ilgandan keyin allergiyaga sharoit va muhit bo‘lsa, allergiya o‘zini namoyon qiladi. Yoki teskarisi, allergiya rivojlanishiga sharoit bo‘lmasa, namoyon bo‘lmasligi ham mumkin», dedi allergolog shifokor Mohigul Ismatova.

Ko‘proq yangiliklar: