Jangda bo‘ynidan o‘q yegan To‘lanboy ota. U 99-bahorini qarshiladi

Jamiyat 21:59 / 10.05.2021 14440

Urushdan qaytgan To‘lanboy ota «Katyusha» qo‘shig‘ini aytib, raqsga tushardi. Shu sabab oltiariqliklar uni Katyusha tog‘a deyishadi.

1945 yilda Vatanga qaytgan To‘lanboy ota oila qurdi. 1950 yildan ichki ishlar sohasida, yong‘inga qarshi kurash otryadlarida xizmat qildi.

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 50 yilligi, 60 yilligi, 65 yilligi, 70 yilligi medallari, 1994 yilda esa birinchi prezident Islom Karimov tomonidan «Jasorat» medali bilan mukofotlangan.

«99 yoshga kirdim. Urushga borib, ko‘p yurtlarni ko‘rib kelganman. Xitoy, Yaponiya, Vladivostok, Amurskiy viloyatlarida 6 yil yurib keldim.

1941 yil 17 yanvarda uydan chiqib ketganman. Frontga ketayotib: «Mendan umidingizni uzing, urushdan qaytib kelishim dargumon» deganimda, ota-onam: «Polvon o‘g‘lim, sen albatta qaytib kelasan», deyishgan edi. Otamning bu aytgan gapi haligacha esimda», – deya xotirlaydi To‘lanboy ota Shokirov.

Urush faxriysi janglardan birida bo‘yin qismidan yarador bo‘ladi. Shunga qaramay, davolanib, sog‘aygach, yana safga qaytadi va fashistlarga qarshi kurashda faol ishtirok etadi.

99 yoshli urush faxriysi To‘lanboy ota hozirda farzandlari, nevara-yu chevaralari qarshisida keksalik gashtini surib kelmoqda.

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: