Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyatida 22 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilib kelmoqda.
5-7 may kunlari viloyatda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida prezident farmoniga muvofiq urush faxriylari va nogironlari holidan xabar olindi. Viloyat rahbarlari va jamoatchilik urush faxriylari xonadonlarida bo‘lib, prezident tabrigi, pul mukofoti va homiylarning sovg‘alarini yetkazdi.
Qarshi shahri Komilon mahallasida yashovchi Ahmad ota Jalilov 96 yoshni qarshi oldi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev faxriyning xonadonida bo‘lib, prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
“Urushga ketishdan avval hozirgi “Qashqadaryo viloyat teatri”da aktyor bo‘lib ishlaganman, – deydi Ahmad ota. – Urush boshlangach, ko‘pchilik yurtdoshlarim qatori men ham frontga ketdim. U yerda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdik. Urushda qanchadan qancha insonlar ko‘z o‘ngimda halok bo‘lishdi. Bugungi dorilamon kunlar va ko‘rsatilayotgan e'tibordan mamnunman. Bunday e'tibordan inson yashagisi keladi. Ilohim, xalqimiz hech qachon urush ko‘rmasin.
Har bir urush qatnashchisi xonadoniga viloyat tashkilotlari rahbarlari, tuman-shahar hokimlari biriktirilib, ularning salomatligi va xonadonlari obodligi ishlarida ko‘makdosh bo‘linmoqda.
Avvalroq, Dehqonobod tumanida yashovchi 99 yoshli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdulhakim bobo Jabborovga prezident nomidan maxsus sovg‘a va 12 mln so‘m pul mukofoti topshirilgan, bundan tashqari, hokimlik keksa «veteran»ning uyini ta'mirlash uchun qo‘shimcha 20 mln so‘m ajratgandi. Shuningdek, viloyatimizdagi eng yoshi ulug‘ faxriy Qamashi tumanida istiqomat qiladi. Ro‘ziboy bobo Sattorov 112 yoshda.
7 may kuni Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning harbiy bo‘linmalariga yangi zamonaviy texnikalar topshirish marosimi o‘tkazildi.
Bayram arafasida tashkil etilgan tadbir doirasida harbiy qismlarning vakillariga noqulay yo‘l va hududlarda ham bemalol harakatlanish xususiyatiga ega bo‘lgan 100 dan ortiq KamAZ 43118 6x6 va KamAZ 4326 4x4 rusumli bortli tentli avtofurgon topshirildi. “UzAutoTRAILER” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur avtomobillar harbiy xizmatchilar shaxsiy tarkibi va yuklarni tashish hamda turli texnika va qurol-aslahani shatakka olgan holda ko‘chirish uchun mo‘ljallangan. Yo‘ltanlamas avtofurgonlar harbiy xizmatchilar va yuklarni yomg‘ir, qor, quyosh, shamol va changdan ishonchli himoya qiladi.
Yangi harbiy texnikani topshirish marosimi doirasida Mustaqillik maydoni yaqinida dala chodirlari tiklanib, qurol-yarog‘lar va maxsus aloqa vositalari ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi.
Shuningdek, Milliy gvardiyaning viloyat Qo‘riqlash xizmati boshqarmasiga 10 ta “Neksiya 3” rusumli xizmat avtomobili topshirildi.
Viloyat Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi faollari hamda ko‘ngillilar milliy bayrog‘imiz ramzi tushirilgan “Sharaf lentasi”ni aholi vakillariga ulashish aksiyalarini butun viloyat bo‘ylab tashkil etmoqda.
Shu kuni Toshkent shahridagi "G‘alaba bog‘i"da o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbirida ishtirok etuvchi 4 nafar faxriyimiz poytaxtga kuzatildi. Qahramonlarni viloyat hokimi boshchiligidagi rahbarlar va keng jamoatchilik Qarshi temir yo‘li vokzalidan Toshkent shahriga kuzatib qo‘ydi.
Ma'lumot uchun, viloyatda 9 may kungi bayram tadbirlarida Qarshi shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilishi nazarda tutilgan.
Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati