«Muzeylar ilm olishga qiziqishni oshiradi» - geologiya muzeyi direktori

Jamiyat 18:42 / 08.05.2021 6225

— Bizning muzey 1926 yilda tashkil topgan bo‘lsa, o‘sha davrdagi geologlarimizning yig‘gan birlamchi tosh namunalari bir xonada asta-sekinlik bilan yig‘ilib, mana hozirgi davrga kelib geologiya muzeyi oliy toifali muzeylar qatoridan joy oldi.

Muzeyning eng birinchi xususiyati – bu muassasa soha muzeyi hisoblanadi. Geologiya qanaqa fan, nimani o‘rgatadi, nima beradi kabi juda ko‘plab savollarga javobni ushbu muzeydan topsa bo‘ladi. Bugungi kunda muzeyning 12ta ko‘rgazma zali bo‘lsa, har bir zalning o‘z nomi, tushuntirib beradigan yo‘nalishi bor.

Geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmedshayev

Ma'lumki, geologiya – yerni o‘rganuvchi fan. O‘zbekistonda Mendeleyev davriy jadvalida mavjud elementlarning taxminan 90 foizi topilgan. To‘g‘ri, bular hammasi ham katta miqdorda emas. O‘zbekiston joylashgan yer shunchalar boyki, yuqorida aytganimdek, hamma ma'danlardan bor. Masalan, oltin, uran, mis, qo‘rg‘oshin, volfram va shu kabi juda ko‘plab ma'danlar.

Endi o‘tmishga bir nazar qilsak, bizning hududda yashab o‘tgan insonlar bu boyliklardan foydalanganmi, tog‘-kon sanoati rivojlanganmi degan savol paydo bo‘ladi. Qadimgi tarixda islom yetib kelmasdan avval bu hududlarda konchilik rivojlangan bo‘lgan. 3,5 ming yil avval ota-bobolarimiz tillani eritib asbob yasagan. Boshqasini gapirmasa ham bo‘ladi.

Bugun yoshlarni ilmga qiziqtirishga targ‘ib qilinyapti, men o‘ylaymanki, yosh avlod mana bu kabi muzeylarni ko‘rishi va to‘la ma'lumotga ega bo‘lishi kerak. Muzeyga tashrif buyuruvchilarni analiz qilish natijasida shu narsa kelib chiqadiki, ularning 70 foizi – bog‘cha bolalari va maktab o‘quvchilari. Kimdir so‘rashi mumkin, bog‘cha bolasi bu yerda nimani ko‘radi? Ular uchun eng qiziq narsa bu – dinozavrlar. Bizda shunday zal bor, u yerda dinozavrlar olami haqida tasavvur paydo qilish mumkin.

Men doim orzu qilardimki, bolalar faqat maktabdan olib kelinsagina bu yerlarni ko‘rishi emas, ota-onalar ham farzandini yetaklab olib kelib muzeyni tomosha qildirsa. Bugun qisman shunga erishyapman, hatto bobo-buvilari nevaralarini olib kelib ilm bilan tanishtiryapti.

Maktabdan 25-30 bolaning ichida kelib o‘zi qiziqqan narsasi haqida so‘ray olmasligi mumkin, yaqinlari bilan kelganda esa barchasiga bemalol ulguradi. Shunda bola dunyoqarashi teranlashadi, tog‘ jinslari, turli ma'danlar, oltin konlari, dinozavrlar olami haqida tushunchalar paydo bo‘ladi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati, qolaversa pandemiyadan avval Sirdaryo viloyati maktab o‘quvchilari ham muzeyga keladi. Afsuski, bu muzeyni har bitta viloyatda tashkil qilib bo‘lmaydi. Chunki bu tabiat yoki o‘lkashunoslik muzeyi emas. Lekin shunga qaramay, davlat geologiya qidiruv ekspeditsiyalari korxonalarida, masalan, Navoiy, Qizilqum, Uchquduq, Qashqadaryoda kichikroq muzey sifatida tashkil qilingan xonalari bor. U yerda o‘sha hududda joylashgan konlardan namunalar mavjud.

Bu muzeyga eksponatlarning olib kelinishi haqida ham savol berishadi. 1926 yildan boshlab to hozirgacha muzey fondi boyib kelmoqda. Har bir ochilgan yangi kondan namunalar olib kelinadi, geologlar o‘z kolleksiyasida yig‘ib yurgan namunalarni olib kelib berishadi va bularning barchasi hech qanday pul to‘lanmasdan qabul qilinadi.

Bundan tashqari, poleontologiya bo‘yicha izlanish olib boradigan tadqiqotchilarga muzeyga o‘zlari shug‘ullanadigan soha bo‘yicha namunalar topshirish majburiy qilib qo‘yilgan. Bugungi kunda yig‘ilgan eksponatlar umumiy soni 50 mingdan oshadi.

Geologlar ichida shundaylari bo‘ladiki, butun vitrinani o‘z kolleksiyasi bilan to‘ldirgan. U joyda o‘sha inson ism-sharifi yozib qo‘yiladi, bu ham o‘zgacha bir faxr.

Yigitali Mahmudov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: