Bugun kechqurun grin-karta javoblari e'lon qilinadi

Jamiyat 11:02 / 08.05.2021 20643

Natijalarni dvprogram.state.gov/ESC rasmiy saytidan bilish mumkin. Buning uchun ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tganidan keyin olingan tasdiq kodini (16 ta belgidan iborat), familiyasini va tug‘ilgan yilini kiritishi zarur.

Shundan keyin ochilgan sahifada «Siz ‘Turli millat vakillari uchun immigratsiyaviy viza dasturi’ (Diversity Immigrant Visa Program) uchun tasodifiy tanlab olindingiz», degan yozuv chiqsa, demak, bu grin-karta yutib olinganini bildiradi.

Agar javob tekshirilganda bosh harflar bilan «… HAS NOT BEEN SELECTED» – «Siz tanlab olinmadingiz» degan yozuv chiqsa, keyingi safar urinib ko‘rishga to‘g‘ri keladi.

Lekin grin-karta yutganlarda ham AQShga ketish imkoni 100 foiz degani emas. Bu javoblar e'lon qilingach, tanlab olinganlarning o‘zlariga oldindan ma'lum qilinadi. «Tanlab olinganingiz AQShga kelish uchun viza olishingizni kafolatlamaydi. Sababi tanlab olinadiganlar viza beriladiganlar soniga qaraganda ko‘proq bo‘ladi. Shuning uchun ko‘rsatmalarga amal qilish viza olish imkoningizni oshiradi», deyiladi ogohlantirishda.

G‘oliblar keyingi jarayonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, AQShda doimiy yashash, qonuniy ishlash va 5 yildan so‘ng AQSh fuqaroligini olish uchun ariza berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Grin-karta egalari saylovda ovoz berishdan tashqari, AQSh fuqarolariga berilgan aksariyat huquqlardan foydalana oladi.

Har yili AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari kam bo‘lgan davlatlar fuqarolariga immigratsion viza uchun lotereya o‘ynaladi. Dastur asosida yiliga 55 ming nafargacha xorij fuqarosi AQSh rezidenti maqomini oladi.

2017 yilda grin-karta uchun O‘zbekiston fuqarolaridan 1,8 million, 2018 yilda 1,7 million, 2019 yilda esa 466 480ta ariza kelib tushgan.

Lotereyada g‘olib deb topilganlarga kelsak, 2016 yil may oyida 4 501 nafar, 2017 yil mayida 4 494 nafar o‘zbekistonlikka yutuq chiqqan. Ammo g‘oliblarning barchasiga ham grin-karta nasib etavermaydi. 2017 yilda 3199 nafar, 2018 yilda 2058 nafar, 2019 yilda 823 nafar O‘zbekiston fuqarosi DV dasturi orqali AQShda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritgan.

Eslatma: Bugun kechki payt javoblar e'lon qilingach, juda ko‘p odam yakuniy javobni tekshirishi sababli dvprogram.state.gov sayti ishlashi sekinlashishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: