Saudiya Arabistoni O‘zbekiston Vaqf fondiga 20 ming nusxada Qur'oni karim hadya qildi

Jamiyat 14:37 / 07.05.2021 5302

Saudiya Arabistoni podshohligi O‘zbekistondagi Vaqf xayriya jamoat fondiga 20 ming nusxada Qur'oni karim hadya qildi. Fond matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hadyalar 6 may kuni Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda Vaqf xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo qori Ubaydulloh o‘g‘li bilan uchrashuvda taqdim etilgan.

Mehmonlar, shuningdek, «Hazrati Imom» majmuasidagi «Mo‘yi muborak» muzeyida bo‘lib, «Hazrati Usmon mushafi»ni ham ziyorat qilishgan.

«Tadbir davomida elchixona vakillari Saudiya Arabistonida chop etilgan Qur'oni karimning 20 000 nusxasini Vaqf xayriya jamoat fondiga beg‘araz taqdim etdi. Tadbir so‘ngida fond rahbari Yahyo qori Ubaydulloh o‘g‘li mehmonlarga chuqur minnatdorlik izhor etib, bu kabi xayriyalarda hamkorlik qilishdan mamnun ekanligini bildirdi», – deyiladi fond xabarida.

Ma'lum qilinishicha, ushbu kitoblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi taqsimoti bilan masjid imomlari, madrasalarning ustoz va talabalariga ulashiladi.

Avvalroq, Saudiya Arabistonining «Podshoh Salmon» nomidagi insonparvarlik yordami markazi tomonidan Ramazon oyi munosabati bilan xayriya sifatida O‘zbekistonga 50 tonna xurmo topshirilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: