Rossiyada zaharlangan 26 nafar o‘zbekistonlik ishchi va bu haqda so‘zlashni istamaydigan millatdoshlarim - muhojir hikoyasi

Jamiyat 17:24 / 07.05.2021 23682

Yarim tunda telefonim jiringladi, kuni bilan og‘ir mehnat qilganimiz sabab uyqudan ko‘zimni ocha olmadim, sal narida turgan telefonga qo‘limni uzatishga holim yo‘q. Kuni bilan perforatorda beton devorni qulatgan edik, yonimdagi sheriklarim boshqa ishlar bilan band bo‘lganligi uchun asosan o‘zim ishlatdim katta perforatorni.

Ertalabdan kechgacha to‘xtamay perforatorda ishlash hamma joyingni vibratsiya qilgandek to‘kib tashlaydi.

Telefon yana yoqimli musiqa chala boshladi.

Ilojsiz oldim, avval soatga qaradim, endi tungi o‘n ikkidan o‘tibdi.

– Allo, kim bu? – dedim salom ham demasdan, yarim tunda bezovta qilayotganidan og‘ringanimni bildirish uchun.

– Allo, assalomu alaykum, Baxtiyor aka bu menman.

– Doniyor, senmisan? Nima gap, tinchmisizlar?

Bu bola o‘zimizning qishloqdan, bizlarga qo‘shni bo‘ladi. Moskvada qaysidir qurilish firmasida ishlar edi, har-har zamonda xabarlashib turardik.

– Aka, mazam bo‘lmayapti, bu joyda yota olmayapman. Yonlaringizga borsam bo‘ladimi?

– Xo‘p, bemalol uka, kelaver, manzilni bilasan. Ammo hozir kech bo‘lib ketdi, hademay metrolar ham yopiladi. Sen birorta taksi chaqir, pulini o‘zim beraman. Nima bo‘ldi o‘zi? Buncha shovqin atroflaring, nega mazang bo‘lmayapti, janjal bo‘ldimi?

– Aka, achib ketgan ovqat yeganmiz, juda ko‘pchilik. Qornim og‘riyapti, bir menmas qolganlar ham og‘rigan. Bir yoshi katta odam xonasida voy-voylab yotib, o‘lib qoldi.

– Iya, chatoq bo‘libdi-ku. Sen tezroq taksi chaqirib yonimizga kel. O‘zim dori kerak bo‘lsa topib beraman, – dedim-u, telefonni o‘chirdim.

Charchoq ustun kelib, ko‘zlarim yumilib ketayotgan edi. Bir oz yotdim. Shu bir oz deganim ham yigirma daqiqadan o‘tgan ekan. Kimdir boshimga urgandek uyqum ochilib ketdi, miyam tiniq ishlay boshladi.

"Ovqatdan zaharlandik dedimi, ko‘pchilik ekan, bir kishi vafot etdi, dedi. Nimaga tez yordam chaqirmagan, nimalar bo‘lyapti? Bir vatandoshing vafot etdi, desa, men bemalol uxlab yotishimni qara". Xayollarim chalkashib ketdi.

Joyimdan tez turdim-u, borib yuzimni yuvdim. Keyin duo qildim. "Inna lillahi va inna ilayhi roji'un!"

Doniyorga telefon qildim.

– Allo, kelyapsanmi? Nima gaplar to‘liqroq ayt-chi? Nega do‘xtirga bormadinglar, yoki tez yordam chaqirmadinglar? Bir kishi o‘lguncha atrofdagilar qarab o‘tirishdimi?

– Aka, hozir ko‘p gapira olmayman. Katta janjal bo‘lib ketdi bu joyda, yotoqxona boshliqlari va firmadan kelgan bir ikki xodimlar, "Bu joyga tez yordam chaqirish mumkin emas, bizga katta muammo bo‘lib ketadi", deya ruxsat berishmadi boshida.

Keyin sizga telefon qildim-ku, o‘sha paytda boyagi odam vafot etgan edi, shundan keyin ishchilar to‘polon ko‘tarishib yotoqxona qorovullari va firmadan kelganlarni urishdi. Politsiya keldi. Keyin tez yordam keldi. Hozir bizlar to‘rt kishimiz, tez yordam mashinasida olib ketishyapti, qayoqqaligini bilmayman, to‘xtovsiz qanaqadir ukol qilishyapti, og‘riq qoldi, ancha yaxshiman.

– Unda men seni hozir ko‘p bezovta qilmay, sizlarni kasalxonaga olib borib yotqizishadi, keyin ilojini topsang telefon qil. Nima bo‘lsa ham telefoningni birortasi so‘rasa berma, bular ishni bosti-bosti qilish uchun, hech kim bilmasin deya, sizlar bilan gaplashishni taqiqlashi mumkin. Men ertalab yoningga boraman. Menga bir ilojini qilib borgan joylaring manzilini yubor,– dedim va telefonni o‘chirdim.

Shu bilan charchoq ham, uyqu ham ketdi. Nomardlar, bir odamning joni chiqquncha tez yordam kelishiga ruxsat berishmagan. Bularga faqat sog‘lom vaqtingda keraksan, sal mazang ketsa yoki biror falokat yuz berib qolsa, darrov sendan yuz o‘girishadi. Aynan mana shunday vaziyatni o‘z ko‘zim bilan uchinchi marta ko‘rishim.

2014 yilda bir firmada ishlab yurgan vaqtlarimizda bir yurtdoshimiz kechqurun ishdan chiqib ovqatlanishga ketayotgan vaqtimizda qornini ushlab yotib qoldi. Ikki kundan beri “o‘ng biqinim sanchyapti” deb yurgan edi. G‘ujanak bo‘lib yotib olib dodlayverdi.

Darhol tez yordamga telefon qildik. Prorablardan bittasi kelib, bu yigitni nosilkaga solib katta ko‘chaga olib chiqib, keyin tez yordam chaqiringlar, bu joyga kelsa bizga jarima soladi, deydi.

Bir yurtdoshimiz yoqasidan oldi.

"Bir odam o‘laman deb yotibdi, sen jarimani o‘ylaysan! Hozir shunday qilaman, ko‘zingga jarima emas, joning ko‘rinadi" deya bir ikki silkilagan edi, mazasi qochib nari ketdi.

Tez yordam vaqtida kelib olib ketdi, sal kech qolsa ko‘richagi yorilib ketar ekan. Apenditsit bo‘lgan ekan.

Xullas bunaqa voqealar tez-tez uchrab turadi.

* * *

Oradan bir soatdan ko‘proq vaqt o‘tib Doniyor telefon qildi, ancha yaxshiman, to‘rt kishi keldik bu kasalxonaga, manzilini ertalab aytaman, dedi.

Ertalab soat sakkizlar atrofida yana telefon qildim.

– Ahvoling yaxshimi? – so‘radim salom alikdan keyin.

– Yaxshiman aka, rosa ko‘p ukol qilishdi. Firma odamlari tayinlagan shekilli, yonimizga hech kimni kirgizishmayapti, birga ishlagan sheriklarimiz kelgan ekan, eshik yonida ikkita politsiyachi turibdi, kirgizmapti.

Bizlar bu kasalxonada to‘rt kishimiz, o‘ttizga yaqin odamni har joyga tarqatibdi to‘rtta to‘rttadan qilib.

– Men bir ish qilmoqchiman, qachongacha o‘zbek bunday xor bo‘lib yuradi, bu voqealarni gapirish kerak, ko‘pchilikka yetkazish kerak. Zora foydasi bo‘lsa. Men bir jurnalist bilan boraman, bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib bera olasizlarmi?

– Xo‘p aka, aytaman jondan to‘ydirdi, bir sherigimiz ko‘z oldimizda jon berdi, tez yordam vaqtida kelganda o‘lmay qolishi mumkin ekan, aksincha, qolganlar ham jim turaversa bizlar ham o‘lib ketarmidik... Umrimda bunaqa qattiq og‘rimaganman.

– Yoningdagi sheriklaringdan ham so‘ra, ular ham gapirarmikan?

– Hozir so‘rab kelaman, biz bitta xonada ikki kishimiz, yana ikki kishi narigi xonada.

Orada bir oz jimlikdan keyin.

– Ha aka, gapiramiz deyishdi, hozir sizga manzil yuboraman.

Telefonimga kelgan manzilni saqlab qo‘ydim.

Keyin BBC o‘zbek xizmatining Moskvadagi muxbiri Sohiba Hayotga telefon qildim.

Bo‘lib o‘tgan gaplarni qisqacha tushuntirdim.

– Mayli boramiz albatta, faqat o‘zingiz ham birga borasiz, chunki biznikilar kamerani ko‘rguncha gapiraman deb turadi, kamerani to‘g‘rilab mikrofon tutsangiz, gapirishdan bosh tortib qolishadi ko‘pincha.

* * *

Moskvada hali ham bunaqa eski kasalxona borligini endi ko‘rdim. To‘g‘ri judayam abgor ahvolda emas, shart-sharoitlar ham yaxshi ekan. Bir qavatli shifoxonaning bir tomoni o‘rmonga tutashib ketgan.

Qabulxonaga kiraverishda ikki politsiya xodimi turibdi, ammo bizlarga e'tibor ham qilishmadi. Qabul bo‘limida o‘tirgan hamshiraga qarindoshlarimizni ko‘rishga keldik, degandik kechasi olib kelingan bemorlar ro‘yxatini ko‘rsatdi. Negadir Doniyor aytgan vahima yo‘q. Bemalol uchrashishlaring mumkin, dedi hamshira.

Yana o‘ylanib turdi-da, men bosh shifokorni chaqirib kelay, o‘zi ruxsat bersa ko‘rasizlar, dedi.

"Kimni ko‘rishga keldinglar?" so‘radi ichkari eshikdan chiqar-chiqmas gavdali bir rus ayoli.

– Kechasi olib kelingan to‘rt bemor bilan gaplashishimiz kerak, – dedi Sohiba.

– Buning umuman iloji yo‘q, ana TVdan ham kelishgan ekan kirishga ruxsat berilmadi,– deya derazadan tashqariga imo qildi bosh vrach.

Haqiqatan ham tashqarida yoniga TV emblemasi tushirilgan qaysidir telekanal mashinasi turgan ekan.

Gap tamom, degandek ichkariga yo‘l oldi bosh vrach, ichkari xonadan esa, "Nimaga kirgizding, nega kecha kelgan bemorlar bilan gaplashish mumkin deding, bor javobini berib yubor", deya hamshiraga baqirgan ovozi eshitildi uning.

Rangi oqarib chiqib kelgan hamshira ketinglar, sizlarni deya gap eshitdim, deya bizni ketishga unday boshladi.

Sohiba Hayot bemorlar ro‘yxatini ko‘rsatgan vaqtida bir yigitning familiyasini eslab qolgan ekan.

– Bir bolaning familiyasi Tursunov ekan, ukam bo‘ladi, ko‘rmasam ketmayman, deb turib oling,– deya shivirladi u menga.

Men bu joyga olib kelingan yurtdoshlarimizdan faqat Doniyorni tanir edim, bu yigitlar ichida menga familiyadosh borligini endi bildim.

– Ukam bor bu joyda, ahvoli qanday, nima bo‘lgan unga ko‘rmasam ketmayman, deb turib oldim.

Hamshira ko‘ngli bo‘sh ayol ekan, bir oz kutinglar bosh vrachimiz ketadi, keyin gaplashasizlar dedi.

Ishonqiramasdan turgan hamshiraga pasportimni ko‘rsatdim, endi bemorlar ro‘yxatiga qara, dedim.

Hamshira yordam qilaman, orqa tomondan kelinglar, o‘rmon tarafdan kelsangiz derazadan gaplashasizlar dedi.

Xullas, bir amallab topib gaplashdik. Avvaliga so‘radik, ertaga bu video butun ijtimoiy tarmoqlar bo‘ylab tarqaladi, shunga rozimisizlar deya. Ikki yigit yuzimizni ko‘rsatmaysizlar, dedi.

Ikki kishi bo‘lsa, to‘g‘risi, bu ahvol bu sharoitda ishlash yashash jonga tegdi, agar shu gapirishimiz ozgina foydasi bo‘ladigan bo‘lsa gapiramiz, kameraga qarab gapiraman dedi.

Ular ichkarida biz tashqaridan mikrofon tutib suhbat qildik.

Dastlab, nima uchun chiqib ketmaysizlar, yashash sharoiti yaxshi bo‘lmasa, yeb ichish yaxshi bo‘lmasa nega ketib boshqa joydan ish izlamaysizlar, deya so‘radik.

Firma bir oyligimizni doimo garov sifatida ushlab turishadi, qachonki o‘zlari ketishimizga rozi bo‘lishmasa, shu bir oylik ish haqimizni berishmaydi.

Ya'ni agar bizdan biror bir nojo‘ya ish sodir bo‘ladigan bo‘lsa ham javobimiz berishadi va bir oylik ish haqimizni berishmaydi.

Shuning uchun ham ko‘pchilik ularga qarshi biror nima deya olishmadi, qora ro‘yxatga tushib qolishdan qo‘rqib, og‘risak ham, tez yordam chaqirishga ruxsat berishmasa ham, og‘riq o‘tib ketar deya chidabmiz-da.

Keyin ko‘pchilik yangi kelganlar, boshqa joydan ish topishga ko‘zi yetmaydi, majbur chidaymiz-da.

Xullas, videolavhada shunaqa mazmunda ancha gap-so‘zlar bor.

Bu xabarlarni baribir hech kim yashira olmadi, ertasi kuni Kun.uz saytida e'lon qilindi.

Keyin bizlar olgan videolavhalar BBC o‘zbek xizmatida qo‘yildi, ancha shov-shuvli bo‘lgandi o‘sha kunlar...

* * *

Uch yildan keyin bu voqealarni eslashim sababi boshqa narsa. O‘shandan keyin firmada ham shart-sharoitlar ozmi-ko‘pmi yaxshilandi, keyinchalik ham tortishuvlar ro‘y berdi. Ammo bir narsa o‘zgarmadi, hozirgacha bu holatga ko‘p guvoh bo‘laman. Shuning uchun bu voqealarni esladim.

O‘sha videolavha ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yilgach, ertasi kuni biz uchrashgan yigitlardan biri menga telefon qildi.

“Siz menga yordam qilish uchun kelganmidingiz? Yoki sharmanda qilish uchunmi?”, – dedi kutilmaganda qattiq gapirib.

Hayron bo‘ldim.

– Men jurnalist bilan birga bordim, jurnalist sizga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam bera olmasligi mumkin, uning vazifasi muammoni yoritib, keng jamoatchilikka yetkazish, muammoni hal qila oladigan odamlar e'tiborini shu tomonga qaratish, nima bo‘ldi o‘zi? – deya so‘radim.

– Yutubga kirib kecha qo‘yilgan videoning izohlarini o‘qib ko‘ring, iloji bo‘lsa, videoni o‘chirtiring, iltimos, – dedi u yig‘lagudek bo‘lib.

Yutubga kirib videolavha izohlarini o‘qib chiqdim.

Misol tariqasida aytsam, agar mingta izoh yozilgan bo‘lsa, shundan lavhada gapirgan yigitlarga nisbatan hamdardlik bildirgan, ko‘ngil so‘raganlar, ikki yuzta ham chiqmaydi.

Qolgani faqat so‘kyapti, o‘zimizning o‘zbeklar so‘kyapti.

“Battar bo‘l”, “O‘lib ket”, “Shunaqa abgor ahvoldayam indamay yuraverasanmi?” “Senlarga shu kerak” va shunga o‘xshash so‘zlar va ochiqdan ochiq haqoratlar...

Odamlarimiz shunchalik bo‘lib ketishganmi-a, millatdoshiga bir og‘iz shirin so‘z aytish shunchalik qiyinmi? Ular balki rostdan ham haq-huquqlarini bilishmagandir, shu sharoitlarga chidashga majbur bo‘lishgandir.

Aksincha, shunaqa og‘ir damlarda bir birimizni qo‘llashimiz kerakmasmi?

Ular jinoyatchi emas-ku, haqoratlar eshitadigan.

Endi bildim, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz nega kamera qarshisida muammolarini aytishdan qo‘rqish sababini.

* * *

Oradan ikki oycha vaqt o‘tdi. Bir kuni ishlab turgan vaqtimda Sohiba Hayot telefon qilib qoldi.

Aytishicha, Rossiyaning qaysidir telekanali muxbiri o‘sha videoni tasodifan ko‘rib qolib, ruschaga tarjima qildiribdi. Keyin izlab-izlab Sohibaning telefon raqamini topadi va mana shu videolavha asosida kattaroq ko‘rsatuv tayyorlamoqchiligini aytadi.

Buning uchun zaharlanganlardan bir necha kishi intervyu berishi kerak ekan. U yigitlarning qayta gapirmasligini bilgani uchun avvaliga, ularning hozir qayerda ekanligini bilmayman deydi u, ammo jurnalist rus qiz ham ishga qattiq kirishmoqchi bo‘lgan shekilli, qayta qayta so‘rayvergach, mening raqamimni beribdi.

Telejurnalist qiz ikki kun ikki-uch martadan telefon qildi. Bu ishni shunday qoldirmaslik kerak, axir odam o‘lmoqchi bo‘lib tursa ham tez yordam chaqirishga, yotoqxona hududiga tez yordam kelishiga ruxsat bermaslik, bu vahshiylik, aqlga sig‘maydi. Bir odam vafot etgan, nahotki hech kim javob bermasa, sizlar nega gapirmaysizlar? O‘sha yigitlarni menga topib bering, iltimos, suhbat o‘tkazaylik, deydi.

Firmada ishlayotgan, o‘sha vaqtdagi voqealarga guvoh bo‘lgan bir ikki kishi bilan gaplashib ko‘rdim, jurnalist desa, kamera desa dod, gapirmayman, deydi. Tinch yuray aka, kerakmas, deyishadi.

Gapirganni so‘ksak, boshqa millatlar bu joyda bir millatdoshiga bir gap bo‘lganini eshitsa, o‘sha odamni tanisa tanimasa o‘sha joyga yurtdoshini qo‘llash uchun to‘planib kelaverishadi.

Bizlarda bir birini qo‘llovchilar afsuski, juda kamchilik. Nafaqat bir birini qo‘llamaydi, balki bor muammosini ko‘rsatishni ham istamaydi.

Baxtiyor Tursun

Ko‘proq yangiliklar: