Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Muhammadzoir O‘rinboyev AOKAdagi brifingda tizimga kiritilayotgan yangiliklar haqida ma'lumot berdi.
Prezident qarori asosida, 2022 yil 1 yanvardan boshlab pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni aholiga yetkazib berish har 3 yilda hududlarda alohida tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
Tender tanlovida pensiya va nafaqa oluvchilarga eng yaxshi va qulay sharoit hamda arzonroq xizmat haqi taklif etgan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot g‘olib deb belgilanadi.
Bundan asosiy maqsad – tijorat banklari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratish va pensiya va nafaqalarni yetkazishda sharoitlarni yaxshilash, dedi Muhammadzoir O‘rinboyev.
Ma'lumot uchun, bugungi kunda ushbu to‘lovlar faqat Xalq banki filiallari tomonidan yetkazib berilmoqda va buning uchun 0,9 foiz xizmat haqi to‘lanmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, tenderda g‘olib chiqqan yetkazib beruvchilar o‘z xizmat haqlari miqdorini:
- mablag‘ni yashash manziliga yoki MFY binosiga yetkazish shartlaridan kelib chiqib,
- differensiyalashgan tartibda,
- summaning 1 foizigacha belgilashi mumkin.
Pensiya va nafaqalarni fuqarolarga yetkazib berish bo‘yicha xizmat haqi xarajatlari Pensiya jamg‘armasi va respublika budjetidan to‘lab beriladi. Ya'ni fuqarolarning pensiya va nafaqa summasidan xizmat haqi ushlanmaydi.
Bundan tashqari, ushbu tizim joriy etilishi natijasida fuqarolarga quyidagi qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi:
- «rejali to‘lov» xizmati joriy etilib, fuqarolar xohishiga ko‘ra, o‘zlarining pensiya va nafaqalaridan kommunal to‘lovlari, kredit yoki boshqa to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi;
- fuqarolarga istalgan vaqtda tijorat banki va Pensiya jamg‘armasiga kelmagan holda, mobil ilova yordamida yoki koll-markazga murojaat qilish orqali o‘zlarining pensiya va nafaqalarini olish shaklini (naqd pulda yoki bank kartasi orqali) o‘zgartirish imkoniyati yaratiladi;
- pensiya va nafaqalarni yetkazib berish kechiktirilgani uchun yetkazib beruvchilarni jarimaga tortish tartibi joriy etiladi.
Yuqoridagi tartib 2022 yil 1 yanvardan amal qila boshlaydi.
2022 yil 1 iyuldan boshlab, pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan fuqarolardan faqat pasport yoki ID-karta so‘raladi.