Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020 yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar o‘ntaligini e'lon qildi.
Shu asnoda, iqtisodchi Behzod Hoshimov Uzbekistan Airways misolida davlatning qo‘llovi bilan monopolist bo‘lib turgan korxonalar iqtisodiyotga keltirayotgan zarar ko‘lami haqida so‘z yuritdi.
«Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, eng ko‘p zarar ko‘rgan korxonalar ro‘yxati yaqinda e'lon qilindi. U ro‘yxatni ko‘rib, davlat tasarrufidagi korxonalarga nisbatan noto‘g‘ri xulosa qilish mumkin. Masalan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» 755 milliard so‘m zarar ko‘rgani haqidagi ma'lumotni eshitib, shu korxona «soliq to‘lovchilarga va O‘zbekiston iqtisodiyotiga atigi 755 milliard so‘m zarar keltirmoqda», degan yanglish xulosa qilib qo‘yish ehtimoli bor.
Aslida olsak, davlat korxonalari va davlatning kuchidan foydalanadigan holda raqobatni cheklaydigan xususiy korxonalarning jamiyatga va iqtisodiyotga zarari sof «buxgalterlik zarar»dan ancha ko‘proq.
Bu yerda men shartli aviakompaniya barcha soliqlardan ozod qilingani yoki 2020 yildagi iqtisodiy inqiroz paytida birinchilardan soliq to‘lovchilar hisobidan qutqarilganini aytmoqchi emasman. Men iqtisodiy shikast haqida aytmoqchiman.
Keling, shartli ravishda aviaqatnovlarni olaylik (bu mulohazani umumiylashtirishni o‘quvchiga qoldirdim). Davlat korxonasi manfaatlaridan kelib chiqqan holda, raqobat sun'iy ravishda cheklanishini hammamiz yaxshi bilamiz.
Bu degani, aviabozordagi raqobat sun'iy cheklangani tufayli qimmatroq narxda chipta olishga majburmiz (qanday qilib cheklashlari haqida mulohaza alohida). Buni bilish uchun, qo‘shni mamlakatlar yoki hatto chet el mamlakatlaridagi chipta narxlarini ko‘rsangiz ham bo‘ladi.
Deylik, shu raqobatni cheklovchi sabablar tufayli, bizda chiptalar o‘rtacha 100 dollar qimmatroq. Ya'ni agar ochiq bozor bo‘lganida, bizdagi o‘rtacha chiptalar narxi 100 dollarga kamroq bo‘lar edi, degan faraz qilib ko‘raylik.
Albatta, bu raqam gipotetik va o‘ta konservativ. Bilasiz, atigi bir-ikki yo‘nalish butun aviaqatnovning asosiy ulushini tashkil qiladi va eng ommaviy yo‘nalishda, masalan Rossiyaga uchish uchun, chiptalar narxi qo‘shni mamlakatlarda bizdan ko‘ra 100 dollar ko‘proqqa farq qiladi. Aytmoqchimanki, ochiq bozor bo‘lganida, o‘rtacha chipta narxi 100 dollardan ko‘proqqa tushishi mumkin edi, lekin gipotetik misol uchun, shartli konservativ 100 dollarni olaveramiz.
Endi, bizda 5,8 millionta chipta sotiladi, deb faraz qilsak (2019), jamiyatga korxonaning birinchi darajali sof iqtisodiy zarari – 580 million dollar bo‘ladi. Bu – butun mamlakat budjetining salkam 5 foizi atrofida. Va bu raqam atigi birinchi darajali sof iqtisodiy zarar edi. Ya'ni biz, har bir odam qimmatroq narxda chipta olayotganining sof zararini hisobladik xolos.
Yana kamida uch turdagi zarar bor: 1) chipta ola olmagan odamlar; 2) chipta olmaganlikning tashqi ta'sirlari (externality); 3) alternativ xarajatlar (opportunity cost).
Chipta ola olmaganlar zarari. Albatta, O‘zbekiston boy mamlakat emas, lekin oddiy hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, bizdek daromadlarga ega mamlakatlarda kishi boshiga uchish soni bizdan o‘rtacha 1,5 barobar ko‘proq. Qo‘shni Qirg‘izistonda kishi boshiga biletlar soni bizdan ancha katta: bizda 0,17, ularda 0,57 (2019 yil ma'lumotlari).
Agar O‘zbekistonda qatnovlar soni hech bo‘lmasa Qirg‘iziston darajasida bo‘lganida, bizda 5,8 millionta chipta emas, salkam 19 millionta chipta sotilishi kerak edi. Ya'ni davlat raqobatni cheklashi natijasida, konservativ hisoblasak, 13 milliondan oshiq parvozlar amalga oshirilmayapti.
Qaytaraman, men Qirg‘iziston bilan solishtirdim, Norvegiya bilan emas. Bu – amalga oshmagan parvozlarning qanchasi albatta sof zarar, lekin tashqi ta'sirlar ham bor: shu amalga oshmagan parvozlarda kelmagan turistlar, tuzilmagan bitimlar va hokazolar yotibdi, bular ham ancha katta raqamlar.
Xulosa shuki, raqobatni cheklab, davlat korxonalarini parvarish qilishimiz oqibatida, ular nafaqat sof buxgalterlik zarar ko‘rishadi, balki jamiyatga nihoyatda katta iqtisodiy shikast ko‘rsatishadi.
Masalani shu qiyinlashtiradiki, buxgalterlik zararini ko‘ra olamiz, hozirgidek 755 milliardgina deya olamiz, lekin asl iqtisodiy shikasti bizga ko‘rinmaydi. Lekin u yo‘q degani emas», – deya yozadi Behzod Hoshimov.