SSV matbuot xizmati mazkur Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi blok rahbari Baxshillo Mamirovga bir necha savollar bilan murojaat qildi.
— Markaz oshxonasi qanday faoliyat yuritadi?
— Tibbiyot muassasasining oshxonasi autsorsing tizimida ishlaydi. Shifoxonaning statistika bo‘limiga har kuni ikki marta — ertalab va kechqurun bemorlar soni bo‘yicha to‘liq ma'lumot beriladi. So‘ng ushbu ma'lumot asosida taom tayyorlanadi.
Shuni aytish lozimki, shifoxonada har bir bemorga individual yondashilgan holda 1-, 9- va 15-stolda parhez taomlari tayyorlanadi. 1-stol reanimatsiya bo‘limi, 9-stolda qandli diabet kasalligi bor bemorlar uchun taom tayyorlansa, 15-stol esa odatdagi bemorlar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Barcha taomlar sanitariya qoidalariga va parhez taomlari tayyorlanish texnologiyalariga rioya qilingan holda tayyorlanadi. Koronavirusga chalingan bemorlar taomnomasi har 14 kunda yangilanadi.
Ertalabki nonushtada turli bo‘tqalar, tuxum, brinza, pishloq, qovurilgan kolbasa, smetana, kakaoli sut, shirin choy, bulochka, sariyog‘ berilsa, tushlikka immunitetni ko‘taruvchi oqsilga boy ikki xil ovqat, salat, sharbat tayyorlanadi.
— Taomlar qanday yetkazib beriladi?
— Taomni yetkazib berish jarayoni ham bir necha bosqichlardan iborat bo‘lib, ovqat tayyor bo‘lgach, maxsus idishlarga solinadi va tarozida o‘lchanib, bo‘limlarga maxsus avtomashinalarda olib boriladi.
So‘ng taom palatalar bo‘ylab tarqatiladi. Har bir palatadagi bemor uchun alohida idish ajratilgan bo‘lib, taomdan so‘ng ular uch bosqichda dizenfeksiya qilinadi.