Toshkent tibbiyot akademiyasida tibbiy reabilitatsiya bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 16:16 / 06.05.2021 2342

Toshkent tibbiyot akademiyasi 5-6 may kunlari «Tibbiy reabilitatsiya – yangi yondashuvlar» mavzusida 1-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga mezbonlik qildi.

Konferensiya ishida dunyodagi yetakchi tibbiyot oliygohlari va klinikalarining ilg‘or fikrli olimlari, tibbiy reabilitatsiya sohasining yetakchi mutaxasislari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanda ishtirokchilar sohaga doir ilg‘or tajribalar, innovatsion ilmiy ishlanmalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tibbiy reabilitatsiya – ko‘p tarmoqli soha bo‘lib, pedagogik, psixologik va boshqa bir qancha faoliyat turlari uyg‘unligiga ehtiyoj sezadi. Bu esa jahon tibbiyot olimlari va mutaxassislarining bir maqsad yo‘lida birlashish, o‘zaro tajriba almashib faoliyat yuritishini taqozo etadi. Ushbu tadbir ayni shu maqsadga qaratilgani va ilk marta Toshkentda o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Kasallik yoki shikastlanish natijasida yo‘qotilgan normal ruhiy holatlarni maksimal darajada tiklash, inson tanasining fiziologik funksiyalari (ehtiyojlari) va ishlash qobiliyatini saqlab qolish juda muhim.

Konferensiyaning bosh mavzusi – COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarni reabilitatsiya qilish masalasi bo‘ldi.

Rossiya prezidenti ma'muriyatining Jismoniy va reabilitatsion tibbiyot kafedrasi Klinik psixologiya va pedagogika bo‘limi, Markaziy davlat tibbiyot akademiyasining Qo‘shimcha kasb-hunar ta'limi muassasasi yetakchi olimlari COVID-19'ning kechishi va davolashda dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan muammolarga to‘xtaldilar.

Koronavirusga chalingan odamlar shifoxonalarni butunlay sog‘lom tark etmaydilar. Konferensiya ishtirokchilari o‘z amaliyotlari tajribasiga tayanib, ushbu virusning oqibatlari boshqacha bo‘lishi mumkinligini ilmiy jihatdan asoslab berdilar.

Xususan, kasallikni boshidan kechirgan bemorlarda uyqu buzilishi, depressiya, qon tomir va o‘pkadagi o‘zgarishlar hali bir yoki besh, o‘n yil ichida turlicha ko‘rinishda namoyon bo‘lib turishi ham taxmin qilinmoqda. Tibbiy reabilitatsiya masalasini konferensiyaning bosh mavzusiga olib chiqqan konferensiya ishtirokchilari bemorlarda qayta tiklash muolajalarini iloji boricha erta boshlash kerakligini e'tirof etdilar.

Yangi koronavirus infeksiyasini davolashdan so‘ng shifoxonadan chiqarilgan bemor o‘zini mutlaqo sog‘lom his qilmasligi tabiiy holat.

Hatto yengil shaklda kasal bo‘lganlar ham kamida psixologik reabilitatsiyaga muhtoj bo‘ladilar. Kasallikdan so‘ng barcha bemorlarda kuchsizlik, bosh og‘rig‘i, nafas qisishi, ortiqcha terlash va tushkun kayfiyat saqlanib qoladi. Mutaxassislar ushbu simptom majmuasiga «koviddan keyingi sindrom» shartli nomini bermoqdalar.

Koronavirusdan keyingi reabilitatsiya kasallikning og‘irligidan qat'i nazar, kasal bo‘lgan har bir kishi uchun zarur. Koronavirus pnevmoniyasining o‘rtacha va og‘ir shakllariga uchragan bemorlar majburiy kompleks reabilitatsiyaga muhtoj.

O‘pka, yurak, buyrak va qonning surunkali kasalliklariga chalingan odamlarda kasallik og‘irroq va ko‘pincha og‘irroq kechib, tiklanmas o‘zgarishlar yurak-mushak sohasiga jiddiy ta'sir etishi mumkin.

Konferensiya ishtirokchilari taqdim etilgan ilmiy ma'ruzalari orqali bemorlarni davolashda tibbiy reabilitatsiya muhimligiga urg‘u berib, asosan nafas olish gimnastikasiga e'tibor qaratish lozimligini ta'kidladilar.

Bunda bemorni joylashtirishda o‘rnini o‘zgartirib turish, nafas olish mushaklarini rag‘batlantirish uchun maxsus fizioterapiya talab etiladi.

Rossiya reabilitatsiya uyushmasi mutaxassislarining fikricha, bemorning individual sifatlarini hisobga olgan holda (psixologik holat, tolerantlik darajasi, jismoniy faoliyat, ijtimoiy sharoitlar) reabilitatsiya natijalarini bashorat qilish mumkin.

Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari mamlakatdagi 8 sanatoriy-kurort tashkilotlarida tibbiyot xodimlarini to‘liq tibbiy o‘pka reabilitatsiyasi bilan tayyorlashga kirishganini aytishdi.

Kovid asoratlarini davolashda sanatoriylardagi tibbiy reabilitatsiya usullari birinchi o‘ringa chiqishi ilmiy jihatdan asoslab berildi. Bu usullar takomillashtirilgach, bemor organizmidagi to‘qimalarning nafas olishi yengillashib, tanada kasallikka qarshi kurashuvchanlik oshib boradi.

Rossiya Fanlar Akademiyasi akademigi, professor A.N.Razumov tomonidan ilgari surilgan tibbiy reabilitatsiya takliflarida pnevmoniyaning uzoq davom etishi sharoitida ambulator davolash usullari va sindromni pasaytirish yo‘llari borasidagi ilmiy qarashlar aks etdi.

Rossiyalik mutaxassis odatiy iqlim sanatoriyalari sharoitida organizmni fiziologik zaxiralar bilan boyitishning uslublariga urg‘u berdi.

Uning fikricha, jismoniy davolash usullari har doim muhimligicha qolaveradi.

Rossiya tibbiyot fanlari Akademiyasining akademigi V.M.Bogolyubov esa bemorlarni o‘rmon sharoitidagi sayohatlarga yuborish yo‘li bilan iqlimiy kurortlarda tibbiy reabilitatsiyani mustahkamlash taklifini berdi.

Konferensiya ishida, shuningdek, O‘zbekiston, Italiya, Belarus singari yetakchi reabilitatsiya markazlari olimlarining konferensiya kun tartibidan o‘rin olgan mavzularga doir ma'ruzalari tinglandi.

Ushbu tadbirning maqsadi – pandemiya sharoitida olimlar va mutaxassislarni birlashtirib, o‘zaro tajriba almashishlari uchun imkon berish edi. Konferensiya davomida Yevropa hamda Rossiyaning nufuzli klinikalari, maxsus reoblitatsiya markazlari mutaxassislari tomonidan sohaga doir  ilg‘or tajribalar, innovatsion ilmiy ishlanmalar taqdim etildi.

Galdagi vazifa konferensiyada ko‘tarilgan muhokamalar, yangi ilmiy qarashlarni amaliyotga ko‘chirishdan iborat bo‘lishi aytildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi
Matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: