Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlangan «Neksiya» mashinasi yo‘l chetiga chiqib ketib, ag‘nagan. Oqibatda unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan voyaga yetmagan bola og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, bugun, 6 may kuni soat 7:45 larda M41 Bishkek-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jarqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi 1591-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.
Qumqo‘rg‘on tumani Xo‘jamulki mahallasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan M.Begzod «Neksiya» mashinasida Qumqo‘rg‘on-Termiz yo‘nalishida katta tezlikda harakatlanib o‘zidan oldinda ketayotgan mashinani quvib o‘tishga uringan. So‘ng, boshqaruvni yo‘qotib yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketgan va ag‘darilib ketgan.
Oqibatda undagi yo‘lovchilar, 1981 yilda tug‘ilgan ayol va uning 11 yoshli bolasi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bola vafot etgan.
Qayd etilishicha, haydovchi mashina boshqarish huquqini beradigan guvohnomani 6 oy oldin olgan. Shu muddat ichida 3 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzib ma'muriy jarima to‘lagan. U buzgan qoidalardan biri aynan tezlikni oshirish bo‘lgan.