Surxondaryoda sodir bo‘lgan «avariya»da keksa onaxon vafot etdi

Jamiyat 14:53 / 06.05.2021 3273

Surxondaryo viloyati Denov tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida «Damas» boshqarib borayotgan ayol vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 3 may kuni soat 21:30 lar atrofida M-41 Bishkek-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Denov tumani Guliston mahallasidan o‘tuvchi 1472-kilometrida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, Denov tumani Chambil mahallasida yashovchi 2000 yilda tug‘ilgan shaxs «Vaz 2107» mashinasi bilan Denov-Sariosiyo yo‘nalishida yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagiga chiqib ketgan va o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan shu tumanning Minor mahallasida yashovchi shaxs boshqaruvida bo‘lgan «Damas»ga borib urilgan.

Oqibatda, «Damas» mashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Uzun tumani Jonchekka mahallasida yashovchi 1952 yilda tug‘ilgan ayol og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan. Bundan tashqari har ikki mashinada bo‘lgan boshqa shaxslar ham tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Surishtiruvlarda ma'lum bo‘lishicha, «Vaz 2107» haydovchisi belgilangan tezlik me'yorlarini buzgan holda, yuqori tezlikda harakatlangan. So‘ng, quvib o‘tish qoidalarini ham buzib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, «Damas»ga urilgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, har ikkala mashina to‘qnashgan paytda «Damas»da yong‘in kelib chiqqan.

Ta'kidlanishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan «Vaz 2107» haydovchisiga nisbatan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: