2020 yil 21 iyun kuni Asaka tumanining Kujgan MFY, Mo‘day ko‘chasida mudhish hodisa yuz berdi. 9 yoshli norasida go‘dak o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirib ketildi. Bu hodisa butun Andijon xalqini larzaga soldi desak adashmagan bo‘lamiz.
Andijon viloyat prokuraturasi olib borgan dastlabki tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, jinoyatni Asaka tumanida yashovchi Asroraxon Hamdamova sodir etgan deb topildi. U 9 yoshli Q.I.ni o‘zining o‘g‘rilik jinoyatini yashirish maqsadida o‘ta shafqatsizlik bilan, tanasining turli joylariga 17 marta pichoq urib o‘ldirganlikda ayblandi.
Bundan tashqari, A.Hamdamova mazkur jinoyat ishi doirasida o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda ham ayblangan.
A.Hamdamovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining:
- 169-moddasi 2-qismi «b, g» bandlari – uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ancha miqdorda sodir etilgan o‘g‘rilik;
- 168-moddasi 1-qismi – firibgarlik ya'ni, aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish;
- 164-moddasi 3-qismi «v, g» bandlari – uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, badanga og‘ir shikast yetkazgan holda sodir etilgan bosqinchilik;
- 97-moddasi 2-qismi «v, j, i» bandlari bilan – ojiz ahvoldagi shaxsni, o‘ta shafqatsizlik bilan tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirishga oid ayblovlar qo‘yilgan
A.Hamdamova tergov davrida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, mazkur ish Andijon viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rib chiqilib, A.Hamdamovaga ilgari surilgan asosiy ayblovlar yuzasidan oqlov hukmi chiqarilgan.
Manbaga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertizasining 2020 yil 29 iyundagi xulosasida, marhuma Q.I.ning o‘limi 17 ta sanchilgan-kesilgan jarohatlar natijasida o‘tkir ichki va tashqi qon ketishidan yuz bergani, unga o‘limidan avval jinsiy zo‘ravonlik ishlatilgani, jinsiy a'zolaridan spermatozoidlar aniqlangani ko‘rsatilgan.
Shuningdek, sud-daktiloskopik eskpertizasining 2020 yil 26 iyundagi xulosasida, qotillik sodir etilgan xonada 4 nafar noma'lum shaxsga tegishli barmoq izlari topilgani, sudlanuvchi A.Hamdamovaga tegishli barmoq izlari qotillik sodir etilgan xonadondan umuman aniqlanmagani ko‘rsatilgan.
Sudlanuvchi A.Hamdamova dastlabki tergov va sudda aybiga iqrorlik bildirmasdan, marhuma Q.I.ni qasddan o‘ldirilishi va o‘g‘irlik jinoyatlarga aloqasi yo‘qligini, marhumadan spermatozoidlar aniqlanganini, shu bois jinoyatni erkak kishi sodir qilgani aniq ekanini, nohaqdan ayblanayotganini ko‘rsatib, dastlabki tergovda unga nisbatan ushlab turish majburlov chorasi qo‘llanilib, U.Karimov, S.Jabborov va boshqa IIB xodimlari ruhiy va jismoniy tazyiqlar ostida so‘roq qilishganini, qiynoqlarga chiday olmay Q.I.ni qasddan o‘ldirganiga iqror bo‘lishga majbur bo‘lgani haqida ko‘rsatma bergan.
Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining shu yil 5 maydagi hukmi bilan sudlanuvchi Asroraxon Hamdamova Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining «v, j, i» bandlari, 164-moddasi 3-qismi «v, g» bandlari, 169-moddasi 2-qismi «b, g» bandlari bilan aybsiz deb topildi va oqlandi.
A.Hamdamova O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan aybli deb topilib, 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, unga qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilingan va sud zalida qamoqdan ozod etilgan.
Ma'lumot uchun, Jinoyat kodeksining 230-moddasi 2-qismiga ko‘ra, tergovchi yoki prokuror tomonidan aybsizligi ayon bo‘lgan shaxsni og‘ir yoki o‘ta og‘ir ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganlikda ayblab javobgarlikka tortish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.