Mahalladagi deyarli barcha xonadonda issiqxona mavjud. Odamlar uzoq yillardan beri shu yumush bilan shug‘illanishadi. Daromadlari ham dehqonchilikning orqasidan.
Issiqxonalardan yiliga ikki-uch marotabadan hosil olinadi. Bu yil havo sovuq kelgani uchun aksariyat dehqonlar unib chiqqan ko‘chatlarini olib tashlab, boshqatdan ko‘chat ekishga majbur bo‘lishgan. Shu sababli bozorlarda axtachiliklar yetishtirgan mahsulotlar kechroq ko‘rinish berdi.
Qishda ham mehnat qilishni istagan dehqonlar issiqxonadan uch marotaba hosil olishadi. Ular yetishtirgan mahsulotlar qishning sovuq kunlarida ham xalqimiz dasturxoniga yetkazib beriladi.
«Temir daftar»ga kiritilgan ayollarning ham ikki nafariga issiqxona qurib berilgan bo‘lib, ular bu yil dastlabki xosilini yig‘ib olmoqda.
Oiladagi xotin-qizlar, farzandlar bilan qilingan doimiy mehnat orqali ushbu mahallada ishsizlar deyarli uchramaydi.
Xonadonlarga kirib suhbatlashar ekanmiz mahalla ahli o‘z ishlarini maroq bilan qilishlariga, bor mehrini yerga berishganiga guvohi bo‘ldik.
«Uzoq yillardan beri dehqonchilik qilamiz. Hozir o‘zim ishlay olmayman lekin farzandalarim shu ish bilan shug‘illanishmoqda. Qilayotgan to‘ylarimiz, qurayotgan uylarimiz, minayotgan mashinalarimiz ham shu issiqxonalar orqali», – deydi biz bilan suhbatda Ma'mirjon ota Mansurov.
Issixonadagi yerlarga 2-3 yil bir xil mahsulot ekilsa, keyingi yillarda boshqa mahsulotlar ekiladi. Almashlab ekish orqali yerning hosildorligi saqlab qolinadi. Ya'ni 2-3 yil davomida pomidor yoki bodring ko‘chatlari ekilgan issiqxonalarga keyingi yillarda sarimsoqpiyoz yoki boshqa mahsulotlar ekiladi.
Mazkur mahalla ahlini yerga bergan mehrini ko‘rib, mehnat qilgan inson qadr topishiga, daromadga ega bo‘lishiga yana bir bor amin bo‘ldik. Ularning hosiliga baraka tiladik.
Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri
Montajchi: Faxriddin Hotamov