Senat Samarqandda qamalgan homilador ayol ishi bo‘yicha Bosh prokuratura va Oliy sudga so‘rov yubordi

Jamiyat 17:03 / 04.05.2021 2297

Oliy majlis Senati Samarqandda 1 yoshga yetmagan yosh bolasi bor va homilador holida qamalgan ayolning ishi bo‘yicha Bosh prokuratura va Oliy sudga so‘rov yuborgan. Bu haqda Senatning axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 29 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Homilador ayol 8 oylik go‘dagidan mahrum qilinib, qamoqqa olindi» sarlavhasi ostidagi videomurojaat e'lon qilingan.

Unda Samarqand shahridagi tumanlararo pochta bog‘lanmasi operatori lavozimida ishlab kelgan A.Rajabova va bog‘lanmaning qator boshqa xodimlari 2018 yilning 6 oyi mobaynida 743 million so‘m miqdordagi pullarni talon-toroj qilganlikda aybdor deb topilib, jazolangani ma'lum qilingan. Videomurojaat A.Rajabovaning onasi tomonidan yo‘lllangan bo‘lib, u qizi nohaq ayblanganini ma'lum qilgan.

Videomurojaatda ayolning onasi kamomad ishida qizining aybi yo‘qligini bildirgan va bu ishga mas'ul tashkilotlar e'tibor berishini so‘ragan. Uning aytishicha, o‘sha paytda pochta bog‘lanmasi rahbariyati qizi va uning sherigiga tazyiq hamda bosim o‘tkazib, qo‘yilgan ayblarni tan olishni, qolganini o‘zlari hal qilishlarini aytishgan. Shu tariqa dalolatnoma A. Rajabova va uning sherigiga rasmiylashtirilib, ularga nisbatan jinoiy ish ochilgan. 2019 yilda bo‘lib o‘tgan apellyatsiya sudida ham A.Rajabova kamomad yuzasidan aybdor deb topilgan.

Rajabovaning onasi o‘z videomurojaatida qiziga qo‘yilgan barcha ayblarni qayta ko‘rib chiqish lozimligini so‘ragan. Mas'ullardan adolatli surishtiruv so‘ragan.

Qayd etilishicha, sud A. Rajabovaning 8 oylik farzandi borligi va u hozirda yana homilador ekanligini inobatga olmay, 5 yil-u 2 oy muddatga qamoq jazosi tayinlagan.

«Hozirda fuqaroning murojaati yuzasidan Oliy Majlis Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Oliy sudiga Senatning so‘rovnomasi yuborilgan. Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy sud va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda masalani atroflicha o‘rganib, natijalari yuzasidan ommaviy axborot vositalari orqali axborot beradi», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: