Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining qarori bilan fuqaro M.S.dan undiruvchi D.S.ning ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Bu holat bo‘yicha MIB Payariq tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.
Qayd etilishicha, fuqaro M.S. anchadan buyon aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelgan. Muqim daromadi bo‘lmagan, kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash naqadar muhimligini inobatga olgan holda MIB xodimlari tomonidan qarzdor M.S. bilan ham atroflicha suhbat va tushuntirish ishlari o‘tkazilgan. Unga farzandlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani yotig‘i bilan tushuntirilgan.
Bunday tushuntirishdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota shu kuni farzandlari ta'minotini o‘ylab, ular voyaga yetguniga qadar hisoblab, aliment puli bo‘lgan 43 mln. 188 ming so‘m pulni to‘lab bergan.