2021-2023 yillarda gaztransport tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, 315 km magistral gaz quvuri qurish ko‘zda tutilgan. Jumladan, “SATs-II” magistral gaz quvuri bo‘ylab yangi, uzunligi 80 km, “Gazli-Kogon” magistral gaz quvurida uzunligi 140 kmga teng, shuningdek, “Yangiyer-Ohangaron” magistral gaz quvuri bo‘ylab 95 km uzunlikdagi magistral gaz quvurlarini qurish rejalashtirilgan.
Gaztransport tizimi samardorligi shuningdek, magistral gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash orqali ham ta'minlanadi. Ayni yo‘nalishdagi tadbirlar doirasida 189 km uzunlikdagi magistral gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ham rejalashtirilgan. Hozirda ayni yo‘nalishdagi yirik loyihalardan biri, diametri 1020 mm bo‘lgan “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurining II tarmog‘i 472-528 km uchastkasida ya'ni 56 km uzunlikdagi gaz quvurini rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborilgan. Quvurlarning 27 kilometri 142 ta maxsus vagonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani Oltinko‘l temir yo‘l stansiyasiga olib kelindi. Tez kunlarda yana 29 km quvurning manzilga yetkazib berilishi kutilmoqda. Buxoro-Ural 1-, 2- tarmoq oralig‘idagi transheyalarni qazish, quvurlarni montaj qilish uchun maxsus texnikalar yordamida yer tekislash ishlari olib borildi. Ayni jarayonga 300 dan ortiq malakali mutaxassis va ishchi xodim hamda 30 dan ortiq maxsus texnika jalb qilingan. Hozirda quvurlarni payvandlash ishlari yuqori sur'atlarda olib borilyapti. Shu o‘rinda aytish joizki, mazkur gaz quvuri 1960 yillarda ishga tushirilgan. Bu esa quvurning loyihaviy quvvatiga nisbatan ruxsat etilgan ishchi bosimi deyarli ikki barobar tushib ketishiga olib kelgan. Amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida tarmoqning ishchi bosimi loyihaviy hujjatlarda ko‘zda tutilgan ko‘rsatkichga yetkaziladi.
Shuningdek ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, “Gazli-Nukus” magistral gaz quvurining 43 km, “Gazli-Kogon” magistral gaz quvurining 61 km, Jarqoq-Buxoro-Samarqand-Toshkent magistral gaz quvurining 29 km qismini kapital ta'mirlash rejalashtirilgan.
Shu bilan birga Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi stansiyalaridagi “DKS-4” va “DKS-5A” kabi gaz haydash agregatlarini kapital ta'mirlash, “KS-0 Muborak” kompressor stansiyasidagi gaz haydash agregatlarining ishlab chiqarish quvvatini loyiha ko‘rsatkichlariga yetkazish ko‘zda tutilgan.
“O‘ztransgaz” AJ Axborot xizmati