Endi belgilari yaqqol namoyon bo‘lgan bemorlarga nogironlik muddatsiz beriladi

Jamiyat 18:59 / 04.05.2021 6695

Joriy yildan belgilari aniq ko‘rinib turgan jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga nogironlikni muddatsiz belgilash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Hech kimga sir emas, avvallari nogironlikni belgilashda bemor eng birinchi navbatda shifoxonaga yotishi kerak, degan talab mavjud edi. Qolaversa, bunday fuqarolar texnik reabilitatsiya vositalarini bepul olishi uchun ham ko‘p hollarda shifoxonada davolanib chiqishi yoki tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 3 martdagi «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmonining 9-bandida ilg‘or xorijiy tajriba va keng jamoatchilik takliflari inobatga olingan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni klinik-funksional ma'lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib, ular nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganda nogironlikni muddatsiz davrga belgilash tartibini joriy etilishi bo‘yicha topshiriq berilgan», deydi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig‘i Umarali Nazarmatov.

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda 2021 yil 1 iyundan boshlab belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni klinik-funksional tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib, ularni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganda nogironlikni muddatsiz belgilash amaliyoti joriy etiladi. Bu o‘z navbatida ekspertiza o‘tkazish jarayonida byurokratik to‘siqlar va turli ovoragarchiliklarga barham berish, ko‘rik muddatini qisqartirish hamda tartib soddalashishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, nogironlik alomatlari aniq namoyon bo‘lgan kasalliklar, shuningdek, noxush klinik prognozga ega xastaliklar va asoratlar bilan nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslar TMEKga belgilangan muddatidan oldin yuboriladi.

Qolaversa, bunday shaxslar nogironlik belgilangunga qadar tibbiyot muassasasi tomonidan ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘yilmasdan, statsionar sharoitda davolanishga majbur qilinmasdan, qo‘shimcha tekshiruvlarsiz tibbiy hujjatlari rasmiylashtiriladi va nogironlik belgilash uchun 3 ish kuni ichida TMEKga yuboriladi. Bunday holatlarda nogironlik belgilari mavjudligini statsionar sharoitda isbotlash talab qilinmaydi.

Yuqorida ko‘rsatilgan kasalliklar holatlarga mos bo‘lgan taqdirda ko‘rikdan qayta o‘tkazish muddati ko‘rsatilmasdan nogironlik guruhi belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: