O‘tgan yil iyul oyida Asaka tumani, Qoratepa qishlog‘i aholisidan kelgan murojaatni o‘rgangan edik. Hududdagi 44-umumta'lim maktabi binosining yarmi 2013 yili davlat ixtisoslashgan maktab-internatiga berilgan bo‘lib, internat 2018 yilda faoliyatini tugatgan kollej binosiga ko‘chib o‘tadi. Mahalliy aholi vakillari DIMIdan bo‘shab qolgan bino xususiy maktab uchun berilganidan noroziligini bildirgan edi.
Ota-onalar o‘qish ikki smenada tashkil etilgan 44-maktabda o‘quvchilar uchun xonalar yetishmasligi, DIMIdan bo‘shab qolgan bino qishloq bolalari uchun zarurligi haqida viloyat, tuman mutasaddilari va xalq ta'limi vazirigacha murojaat qilgani haqida aytishgan edi.
Kun.uz saytida e'lon qilingan tanqidiy materialdan so‘ng Xalq ta'limi vazirligi tezkor munosabat bildirib, «tuzilgan ishchi guruh xulosasi va ushbu hududda yashovchi fuqarolar fikrlarini inobatga olgan holda, tadbirkorning roziligi bilan 11-DIMIning bo‘sh turgan bino va inshootlari 44-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga qaytarib beriladi» mazmunidagi rasmiy axborot bergan.
Oradan yil o‘tib, Qoratepa qishlog‘i aholisi bizga haligacha muammo hal bo‘lmagani haqida murojaat bilan chiqdi. Biz yana Asaka tumaniga borib vaziyatni o‘rgandik.
Mahalla faollari Jo‘rayev Obidjon va Akramjon Soliyev binoni maktabga qaytarish uchun butun mahalla harakat qilayotgani, lekin samara bo‘lmayotganini aytishdi.
Mahalla ahli deraza oynalari sinib, o‘t bosib, qarovsiz holga kelayotgan binoni hashar yo‘li bilan tozalamoqchi bo‘lishgan, lekin tadbirkor kiritmagan. Mahalla vakillari agar bino 44-maktabga qaytarilsa, ta'mirlashni ham hashar yo‘li bilan amalga oshirishga tayyor.
Maktab ota-onalar kuzatuv kengashi raisi Ortiqali Soliyev masalaga viloyat hokimi va tuman hokimi e'tibor qaratmasa, ijobiy o‘zgarish bo‘lmayotganini aytdi.
«Maktabimizda o‘quvchilar soni yildan yilga ko‘payyapti, qo‘shilyapti. Shu qo‘shilish hisobiga maktabdagi o‘quvchilarga bino sig‘imi torlik qilib qolyapti. Laboratoriya xonalari yetarli emas. 20 dan oshiq to‘garaklar bor, lekin ular uchun alohida xonalar yo‘q. Dars jarayoni ikki smenadan iborat.
Talabimiz – shu bino berilsa, bolalar bir smenaga o‘tkazilsa, to‘garaklarga bolalar sonini ko‘paytirib, jalb qilib, shu binodan foydalansak. Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovdan, Asaka tumani hokimidan tadbirkorning sarf qilgan mablag‘lari masalasini o‘rganib chiqib, maktabni xalq ta'limiga o‘tkazib berishda amaliy yordam berishlarini so‘rab qolardik», – deydi Ortiqali Soliyev.
Maktab direktori Hamidullo Shodiyev o‘tgan yilgi aholi murojaatidan so‘ng «Asaka bilimdonlari» nodavlat ta'lim muassasasi rahbari tomonidan vazirlikka tuzilgan bitimni bekor qilish hamda binoni maktabga o‘tkazib berishga qarshilik yo‘qligi to‘g‘risida xat chiqarilganini aytib, muddat bir yilga yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da, haligacha bitim bekor bo‘lmaganini bildirdi.
«Bino qarovsiz ahvolga kelib yotibdi. Bir oy muqaddam viloyat XTBga tadbirkor bilan birgalikda bordik. U yerda bizga mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berildi.
Agar bitim bekor bo‘lgan taqdirda, qaysi tomondan bekor qilinsa, o‘sha tomondan bitimda ko‘rsatilgan summaning 5 foizigacha davlat boji undirilishi belgilab qo‘yilgan ekan. Endi bitimni oladigan bo‘lsak, unda 1 mlrd qanchayam pul kiritilgan bo‘lsa, 1 mlrd summaning 5 foizi 50 mln so‘m pul hisoblanar ekan», – deydi u.
Tadbirkor nima deydi?
Murojaatchilar bilan suhbatlashayotgan paytimizda muammoli binoga egalik qilib turgan tadbirkor – «Asaka bilimdonlari» nodavlat tashkiloti rahbari Jahongir Temirov ham yetib keldi.
«Bir paytlar 11-DIMI balansida bo‘lgan bino 2-3 yil qarovsiz qolgandi. Xalq ta'limi yo‘nalishida auksionlar tashkil etilgan. Men shu auksionda talabgor bo‘lib qatnashdim. Shu yerda 320 o‘rinli xususiy maktab va 100 o‘rinli xususiy bog‘cha qilish maqsadida edim. Birinchi navbatda mahalliy aholini ish bilan ta'minlash, bolalarning sifatli ta'lim olishi, kelajakda institutlarga kirishi, yaxshi kasb egasi bo‘lishini xohlagandim.
Lekin bu yerdagi mahalla qandaydir norozichilik kayfiyati bilan chiqdi. Maktabni ish boshlab, 10-15 mln so‘mlik sarf-xarajat qilgan joyimda odamlar kelib to‘plandi. Shu paytda ishimni to‘xtatganman.
Bitim-shartnomada shunday keltirilganki, agar maktab qurilmasa, kunlik penyasi bor, jarimasi bor. Alohida bandida belgilab qo‘yilgan. Agar hozir maktabni qurmasam, jarimasi ham bor, bu yoqda sarflab qo‘ygan mablag‘im ham bor.
Hozir bu yerdagi mahalla maktabni 44-maktabga o‘tkaz degan maqsadda chiqishyapti, agar uni topshirsam, ham sarf-xarajatimga kuyaman, ham jarima to‘lashim kerak. Hozir nima qilishni bilolmayapman.
Tuman XTB tomonidan ham, hokimiyat tomonidan ham kelib turib, mahallaga tushuntirish ishlari olib borishsa, bo‘lar edi», – deydi tadbirkor.
Hokimlikda
Asaka tuman hokimligida bo‘lib, hokim o‘rinbosari Doniyorbek Rasulovga mikrofon tutdik.
«Asaka tumani sobiq 11-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati binosini hozirgi kunda 44-umumta'lim maktabining balansiga o‘tkazish bo‘yicha tadbirkor bilan kelishuv ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bino 44-umumta'lim maktabi balansiga o‘tkaziladi», – dedi u.
Ta'kidlash kerak, o‘tgan yilgi holatdan so‘ng, rahbarlarning va'dalariga aholi vakillarining ishonchi avvalgidek emas.
Shunday bo‘lsa-da, Xalq ta'limi vazirligi va tuman hokimligi masalani tezroq ijobiy hal etishiga umid bildirib qolamiz.
Elmurod Ermatov,
Jahongir Mahmudov